“Jazeera Airways” aviakompaniyasi Quvayt-Namangan yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “Aviation Source” xabar bermoqda.

Parvozlar joriy yilning 13-oktabridan haftada uch marta — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, samolyot seshanba, payshanba va shanba kunlari ortga qaytishi belgilangan.

“Bu O‘rta Sharqdan Namanganga ochiladigan birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘nalish bo‘lib, O‘zbekiston sharqida o‘sib borayotgan savdo aloqalari va ko‘proq sayyohlik imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi”, — dedi kompaniya direktori Rohit Ramachandran.

Avvalroq “FlyDubai” aviakompaniyasi ham 24-sentabrdan Namanganga aviqatnovlarni yo‘lga qo‘yayotgani xabar berilgandi.

Bu kompaniyaning ikkinchi yangi yo‘nalishi bo‘lib, joriy yilning 20-sentabridan Dubay-Samarqand yo‘nalishida parvozlarni amalga oshira boshladi.

Shuningdek, Rossiyaning “Yamal” aviakompaniyasi Moskvaning “Domodedovo” aeroportidan O‘zbekistonga qatnovlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, 14-sentabrdan Toshkentga,17-sentabrdan esa Namanganga parvozlar yo‘lga qo‘yildi.

Jazeera Airways 2004-yilda tashkil etilgan. Arzon narxlardagi havo sayohatlariga ixtisoslashgan bo‘lib, Yaqin Sharq va Yevropa bo‘ylab parvozlarni amalga oshiradi. Kompaniya 2018-yilda o‘zining maxsus terminalini ochgan.


Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalar reyslari va yo‘nalishlariga bo‘lgan barcha cheklovlar olib tashlanganini aytgandi.

Natijada Samarqandga Yevropa, Osiyo, Amerika, Arab davlatlari hamda qo‘shni mamlakatlardan kuniga kamida 10 ta xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yish belgilangan.