Yil boshida Samarqand xalqaro aeroportida “Ochiq osmon” rejimi qo‘llanilishi aytilgandi.
Joriy yilning 1-oktabridan boshlab aeroportda mazkur tizim joriy etiladi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
“Ochiq osmon” rejimi aeroportning texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yo‘nalishlar bo‘yicha cheklovlarning bekor qilinishini anglatadi.
Endilikda xorijiy aviakompaniyalar havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjud yoki mavjud emasligidan qat’iy nazar Samarqand xalqaro aeroportiga aviaqatnovlarni amalga oshira oladi.
Chet el aviatsiya ma’muriyatlari joriy etilayotgan Samarqand xalqaro aeroportidagi yangi tartib to‘g‘risida xabardor etildi.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalar reyslari va yo‘nalishlariga bo‘lgan barcha cheklovlar olib tashlanganini yetkazish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Shuningdek, xorijiy aviakompaniyalar bilan kelishuvga erishib, Samarqandga Yevropa, Osiyo, Amerika, Arab davlatlari hamda qo‘shni mamlakatlardan kuniga kamida 10 ta xalqaro reyslar yo‘lga qo‘yiladi.
Samarqandga vodiy, Nukus, Urganch va Termizdan har kuni kamida 1 ta aviaqatnovni yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq Nukus va Buxoro xalqaro aeroportlari “Ochiq osmon” rejimiga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.