Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha hukumat qarori tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatidagi “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasida quyosh suv isitish uskunalari, quyosh fotoelektrik panellari, shamol, biogaz, gidroelektr qurilmalari va boshqa jihozlar ishlab chiqariladi.
Shuningdek, hujjat bilan “Solar Cluster” klaster ishtirokchilari tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlangan.
Loyihaning umumiy qiymati $38,7 mln.ni tashkil etadi. Shundan, $11,6 mln tashabbuskor mablag‘lar hisobidan, $27,1 mln esa bank krediti hisobidan moliyalashtiriladi.
Jumladan, quyidagi to‘rtta kompaniya “Solar Cluster"da yillik umumiy ishlab chiqarish quvvati 470 MVt bo‘lgan fotopanellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi belgilangan:
- “Sun-Hightech” — 150 MVt, 10 mln;
- “Oftobnur Solar Cluster” — 110 MVt, $5,7 mln;
- “Mir Solar” — 60 MVt, $3,5 mln;
- “Nukuselektroapparat” — 150 MVt, $10,5 mln.
“Oftobnur Solar Cluster” 2025-yilga kelib qiymati $2 mln.lik quyosh panellari uchun invertorlar ishlab chiqarishni ishga tushirsa, “Stantop Energy” qiymati $4 mln.lik quyosh elektr stansiyalari uchun 250 ming dona metall konstruksiyalarni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Mazkur loyiha ishga tushishi natijasida 500 ta ish o‘rni yaratilishi belgilangan.