Alisher Mirahmedov 1992-yili ta’lim dasturi bo‘yicha bir yil muddatga Turkiyaga jo‘nab ketadi.

2003-yili xorijiy kompaniyadan ishdan bo‘shatilgandan so‘ng, u turistik dispetcherlik bo‘yicha menejerlik lavozimida ish boshladi.

Ish jarayonida Alisher nihoyat o‘z biznesini topganini anglab, do‘sti bilan birgalikda “Miramax Travel Management” kompaniyasini ochadi.


Onam bolaligimizdan kitob o‘qishga mehr uygʻotdi. Sovet davrida, qog‘oz yig‘ish punktlarida eski gazeta va jurnallar evaziga kitoblar olish mumkin edi.

Aynan shu tarzda yoshligimdan ko‘p vaqtimni zavq bilan o‘tkazadigan uy kutubxonasini to‘ldirishni boshladim. Bolaligimda o‘qish sayohat qilish uchun deyarli yagona imkoniyat edi, ehtimol mana shu koʻpgina xarakterimni belgilab bergandir.

Men detektiv hikoyalar va psixologiyaga oid kitoblarni afzal ko‘raman. Detektiv asarlarni u yerda doim bir sir borligi uchun yaxshi ko‘raman. Va men uni ochishni xohlayman, mana shu sirlar bizni o‘ylashga majbur qiladi.

Yana bir jihati shundaki, ular — biznes, ilm-fan, san’at, tibbiyot va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab oladi va shu orqali kitobxonning dunyoqarashini kengaytiradi.

Agar biz psixologiya haqida gapiradigan bo‘lsak, u kundalik hayotimizning ajralmas qismidir. Faoliyatim bevosita insonlar bilan muloqot qilishga bog‘liq bo‘lganligi sababli, psixologiya asoslarini bilish mijozlarimning ehtiyojlarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Hozir hayot ritmim kitoblar bilan muloqotga ko‘p vaqt ajratishga imkon bermaydi, lekin ishonch bilan aytishim mumkinki, ular doimo hayotimnning bir qismi bo‘lib qoladi.

1. “Sherlok Xolms”, Artur Konan Doyl.

Birinchi navbatda detektiv janr klassikalari boʻlmish — Artur Konan Doylning “Sherlok Xolms” haqidagi hikoyalarini tavsiya qilaman.

Nazarimda, bu adabiy qahramon har birimiz uchun har tomonlama rivojlangan shaxs namunasi bo‘la oladi. Uning afaqat ishchanligi, zukkoligi, balki yaxshi insonga xos fazilatlari, xususan, adolatga intilishi ham o‘ziga jalb etadi.

Asarni talabalik yillarimda o‘qiganman. U meni kuzatuvchan bo‘lishga, mayda-chuydalarga ham e’tibor berish va tegishli xulosalar chiqarishga o‘rgatdi.

O‘ylaymanki, barchaning e’tiboriga loyiq, bir necha bor qayta o‘qiladigan asar.


2. “Stiv Jobs”, Uolter Ayzekson.

Ushbu qiziqarli kitob Jobsning butun hayoti: bolaligi, ota-ona, ayollar va do‘stlari bilan munosabatlari, “Apple” va “Pixar” ning yuksalishi, shuningdek, saratonga qarshi kurash haqida hikoya qiladi.

Jobs har doim tez qaror qabul qilardi, mahsulotga muhabbatni foydadan ko‘ra birinchi o‘ringa qo‘yib, uzoqni oldindan ko‘rishga harakat qildi.

Stiv Ayzeksondan oʻzi haqida haqqoniy kitob yozishni so‘radi, bu katta muvaffaqiyat keltirdi. Qolaversa, muallif zamonaviy axborot asrida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni yorqin ifodalay olgan.

Deyarli barcha sohalarda Jobs muvaffaqiyatsizliklarga duch keldi, ammo bular uning keyingi rivojlanishida saboq bo‘ldi.

Stiv odamlar hamma narsani qilishlari mumkinligini bilar, va ular haqiqatdan ham amalga oshirardilar. U mohir manipulyator va motivator edi.



3. “Barchasi hayot haqida”, Mixail Veller.

Hayot mazmuni haqida o‘ylaydiganlar uchun ajoyib asar. Muallif o‘quvchiga tanish narsalarga boshqacha qarashga imkon beradi.

Uni o‘qish juda oson va qiziqarli, hayotdan olingan turli misollar falsafiy matnni hamma uchun ochiq qiladi.

Muallif barcha abadiy savollarga to‘xtalib o‘tadi: hayot yo‘li, o‘lim, sevgi, din, pul, kuch, omad va boshqalar.


4.“Qanday qilib tashvishlanishni to‘xtatish va yashashni boshlash mumkin”, Deyl Karnegi.

Juda foydali asar, ushbu kitob menga kichik va tuzatib bo‘lmaydigan narsalar haqida tashvishlanishni to‘xtatishga yordam berdi.

Biz ko‘pincha hali sodir bo‘lmagan narsalar haqida tashvishlanamiz va bu bizni xotirjam yashashimiz va dam olishimizga xalaqit beradi.

Karnegi ish, pul haqida qayg‘urishdan qanday voz kechish, kunni qanday rejalashtirish va kichik narsalar haqida qayg‘urish odatidan qutulish haqida gapiradi.

Bestsellerda mavjud bo‘lgan ko‘rsatmalar va maslahatlarni amalda qo‘llash orqali baxtdan bahramand bo‘lish mumkin.


5. “Uch ogʻayni”, Erix Mariya Remark.

Sarlavhadan bizning davrimizda kam uchraydigan do‘stlik haqidagi hikoya ekanligini taxmin qilish qiyin emas.

Asarda urushdan keyingi og‘ir davrda yashashda o‘zida kuch topadigan, qashshoqligiga qaramasdan hayotdan zavqlanadigan insonlar haqida so‘z boradi.

Roman menda bir nechta istaklarni uyg‘otdi — tashqariga chiqib, toza havodan chuqur nafas olish va hayotga minnatdorchilik bildirish.

Remark birinchi jahon urushida qatnashgan va uning yonida shunday do‘stlar boʻlganligi aniq.

Sinovlar, fojiali muhabbat, jasorat, fidoyilik — butun dunyo ahlining qalbidan joy olgan romanning tarkibiy qismlari hisoblanadi.