“IT Park"ga “Meta"ning Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyodagi boshqaruv direktori Jorj Chen va hukumat bilan ishlash boʻyicha “Facebook” menejeri Avrora Li tashrif buyurdi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda tomonlar taʼlim sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga kelishib olishdi.
Unga koʻra, “IT Park University” doirasida AR va VR boʻyicha “Meta” kurslari joriy etiladi.
Shuningdek, xalqaro IT sertifikatlarini olish uchun sarflangan xarajatlarni qoplash dasturiga ixtisoslashtirilgan “Meta” kurslarini kiritish masalalarini muhokama qilindi.
“Meta” vakillari IT Parkʼning IT-kadrlarni tayyorlash, IT-kompaniyalar faoliyati uchun qulay infratuzilmani yaratish borasidagi faoliyatini yuqori baholadi.
Jorj Chen bugungi kunda Oʻzbekistonda Facebook va Instagram foydalanuvchilari soni 10 mlndan oshganini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Meta” kompaniyasining O‘zbekistonda vakolatxonasi ochilishi mumkinligi haqida fikr almashdilar.
Avvalroq “Spot” Mark Sukerberg yil boshidan beri $71 mlrd yo‘qotgani haqida yozgandi.