Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning 31 ta tijorat banki uchun “Banklar faollik indeksi"ni yangiladi.

2022-yil 1-sentabr holatiga respublika bank tizimining aktivlari jami 532,1 trln so‘mni tashkil qilgan (o‘sish 31,8%).

Bank majburiyatlari 455,7 trln so‘m (+ 34,3%), kreditlar 355,5 trln so‘m (+ 15,7%) hamda depozitlar 205,7 trln so‘m (+ 56,7%).

Tadqiqotda banklar ikki guruhga bo‘lingan — yirik va kichik. Guruhlarning har biri uchun alohida reyting tuzildi.

Shu bilan birga, kichik banklar guruhiga faqat Toshkent shahrida (yoki faqat bitta hududda) faoliyat yurituvchi banklar kiradi.

2022-yilning III-choragi uchun yirik banklar faoliyati reytingi

“Kapitalbank” joriy yilning uchinchi choragida yirik banklar faoliyati reytingida yetakchilikni saqlab qoldi. “Hamkorbank” (2-o‘rin) va “Trast bank” (3-o‘rin) o‘zaro o‘rin almashishdi.

Iyul oyida 5-pog'onani band etgan “Ipoteka-bank” birdaniga uch pog‘ona pastlab, reytingning 8-qatoriga tushib ketdi.

Asaka bankning moliyaviy vositachiligi va kapitalning yetarliligi bo‘yicha ko‘rsatkichlari biroz yaxshilanganiga qaramay, umumiy reytingda so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.


2022-yil III-choragi uchun kichik banklar faoliyati reytingi

14 ta kichik banklar orasida joriy yilning uchinchi choragida yetakchilikni “Davrbank”, “Universal bank” va “Ziraat bank” egalladi.

Ushbu chorakda “TBC Bank” sezilarli darajada o‘sishga erishib, u o‘z guruhida besh pog‘onaga ko‘tarildi.

Bunga moliyaviy kapitalning yetarliligi va aktivlarning sifat ko‘rsatkichlarining yaqqol yaxshilanishi kabilar sabab bo‘lgan.


Avvalroq “Spot"da O‘zbekiston banklari call-markazining mijozlarga xizmat ko‘rsatish reytinggi e’lon qilingandi.