Oʻzbekiston va Qozogʻiston xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi tashkil etiladi, xabar berdi O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Tegishli kelishuv ikki mamlakat bosh vazirlari oʻrinbosarlari delegatsiyalarining muzokaralari chogʻida qabul qilindi.

“Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazining tashqi va ichki infratuzilmasini tashkil etish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini, hamda, sanoat kooperatsiyasi faoliyatini tartibga solish boʻyicha tegishli hukumatlararo bitimni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, tomonlar avtomobilsozlik, fosforli va murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish, elektrotexnika sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligida o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ikkala tomon dori-darmonlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirishga va forvard shartnomalari asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda yetkazib berish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldilar.

Bundan tashqari, temir yo‘l va avtomobil yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish hamda ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish masalalari tahlil qilindi.


Avvalroq “Spot” Qozog‘iston yetti oyda 3,3 mln tonna bug‘doy eksport qilgani haqida yozgandi. Eksportning eng katta qismi O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmoqda — 1,5 mln tonna.