“Apple” butun dunyo boʻylab “VK” kompaniyasiga tegishli iOS ilovalarini “App Store"dan olib tashladi, deya xabar berdi “The Verge” nashri.
“VK” veb-saytidagi bayonotda aytilishicha, uning ilovalari “Apple” tomonidan bloklangan, ammo u iOS uchun ilovalarni ishlab chiqish va saqlashda davom etadi.
“The Verge” so‘roviga javoban “Apple” vakili Adam Dema “VK” ilovalari o‘chirilganini va dasturchilar akkauntlari yopilganini tasdiqladi.
“Ushbu ilovalar ishlab chiquvchilarining aksariyati Buyuk Britaniya hukumati sanksiyalari ostida. Kompaniya sanksiyalarga rioya qilish uchun ilovalar bilan bog‘liq ishlab chiquvchi hisoblarini o‘chirib tashladi, endi ularni “App Store"dan yuklab bo‘lmaydi”, — dedi Dema.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ilovalarni oldin yuklab olganlar ulardan foydalanishda davom etishlari mumkin. Biroq endi ularni yangilab bo‘lmaydi.
Dushanba kuni Buyuk Britaniya hukumati rossiyalik oligarxlarga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi.
Sanksiyalar “VKontakte"ga aloqador Rossiya “Gazprombank"ining 23 nafar rahbariga taalluqlidir.