Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari O‘zbekistonda oziq-ovqat chiqindilaridan bioyonilg‘i ishlab chiqarish imkoniyatlarini tahlil qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili qariyb 3 mln tonna oziq-ovqat chiqindilari hosil bo‘ladi.

Mazkur chiqindilardan bioyonilg‘i ishlab chiqarish bir vaqtning o‘zida parallel ravishda ikkita muammoni hal qilishda yordam beradi.

Birinchidan, oziq-ovqat chiqindilarini utilizatsiya qilish orqali ekologiyaga ko‘rsatilayotgan salbiy ta’sir kamaytiriladi.

Ikkinchidan, iqtisodiy va demografik o‘sish natijasida tobora ortib borayotgan energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj qondiriladi.

Tahlil natijasida quyidagilar aniqlandi:

Oziq-ovqat chiqindilari to‘liq bioetanol (E100) yoki biodizel (B100) ga aylantirilsa, potensial bioyoqilg‘i ishlab chiqarish hajmi mos ravishda 1,11 mlrd litr va 1,02 mlrd litrni tashkil qiladi.

Benzin va dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi avtomobillarda bioyonilg‘idan foydalanish CO2 chiqindilarini 1,6 mln tonna (21%)ga kamaytirishda yordam beradi.

Agar 3 mln tonna oziq-ovqat chiqindisi o‘rnatilgan tartibda utilizatsiya qilinmasa, 7,5 mln tonna issiqxona gazlari chiqariladi.

Oziq-ovqat chiqindilarining har bir kilogrami yiliga o‘rtacha 2,5 kg karbon dioksidi ajratib chiqaradi.

Bioyonilg‘i — bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri biomassadan olinadigan yonilg‘i. Bugungi kunda eng keng tarqalgan bioyonilg‘i turlari bu bioetanol va biodizeldir.


Avvalroq PMTI ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarish sanoatidagi kichik korxonalarning faoliyatiga elektr energiyasi ta’minotining ta’siri baholangandi.