Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi indeksi baholandi.

Unga ko‘ra, ko‘rsatkich 2022-yil avgust oyida 1072 birlikni tashkil etib, iyul oyiga nisbatan 7,2%ga oshgan.

Shuningdek, ishbilarmonlik faolligi indeksida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham 14%lik o‘sish qayd etildi.

Hududlar kesimida Sirdaryo (67,5%), Namangan (41,9%), Farg‘ona (22,5%) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (33,4%) sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.

Komponentlar darajasida quyidagi o‘zgarishlar bo‘lgan:

  • xo‘jalik yurituvchilarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalar soni 12,6%ga;
  • faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar bo‘yicha komponent 0,8%ga;
  • tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 6,4%ga oshgan;
  • tovar belgilari bo‘yicha komponent 1,2%ga mo‘tadil kamaygan.

Hisobot davrida, kichik korxonalar soni 498 214 tadan 503 426 tagacha oshgan (o‘sish 5 212 ta).

Fermer xo‘jaliklari soni 108 273 tadan 108 426 tagacha (o‘sish 153 ta) ko‘paygan.

Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganlar soni 2022-yilning iyul oyiga nisbatan 21 taga ko‘payib, 3 575 tani tashkil etdi.


Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda avtomobil bozori faoliyatini baholagandi.