Bolalar, oʻsmirlar va ota-onalar uchun innovatsion axborot platformasi ishga tushirildi. Bu haqda “UNICEF"ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jofri Ijunba ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
“Yaxshi narsalar interneti” deb nomlangan onlayn maydon “UNICEF"ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, hukumat idoralari va mobil aloqa operatori bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Bu veb-resurs bolalar, oʻsmirlar, ota-onalarning sifatli, xavfsiz, xolis va foydali axborotdan erkin foydalanishini taʼminlashda yordam beradi.
Dastur ruhiy salomatlik, taʼlim, sogʻliqni saqlash, inson huquqlari, yoʻl harakati xavfsizligi kabi dolzarb masalalar boʻyicha zarur tushunchalarni oʻz ichiga oladi.
Mazkur innovatsion loyiha internetdan foydalanish imkoniyati cheklangan, bunga sharoiti yoʻq aholi qatlami uchun mo‘ljallangan.
Platformadan foydalanish bepul bo‘lib, oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida faoliyat koʻrsatadi.
Maʼlumotlar foydalanuvchilarga qulay tarzda matn, infografika va video formatda joylashtirilgan.