“IT Park” Floridada istiqomat qilib, “Centene” korporatsiyasida ishlaydigan Boburjon Rahmonov bilan suhbatlashdi.


Boburjon 34 yoshda. Hozirda Floridada istiqomat qiladi va “Centene” korporatsiyasida Senior Business Intelligence Data Engineer lavozimida ishlaydi.

Nima uchun AQSh

Boburjon xotirlashicha, ko‘chib o‘tish haqidagi fikrlar o‘qishni tugatgandan keyin paydo bo‘la boshlagan.

2011-yilda Jahon diplomatiyasi va iqtisodiyot universitetini tamomlab, O‘zbekistondagi Koreya kompaniyasida bir yarim yil ishlab, malakamni oshirdim", — deydi Boburjon.

O‘shanda u ham Koreya, Yaponiya va AQSh universitetlariga magistraturaga hujjat topshira boshlaydi. Natijada uni birdaniga bir nechta universitetlar qabul qilishga tayyorligini bildiradi.

Ushbu oliygohlardan biri AQShda joylashgan Linkoln universiteti edi. Shunday qilib, dasturchining AQShdahi hikoyasi 2013-yilda boshlanadi.

Boburjon Amerikani yaxshi sharoit va imkoniyatlar bor deb hisoblagani uchun tanlagan:

“Asosiy maqsadim ta’lim olish, malakamni oshirish va xalqaro biznes tajribasini o‘rganish edi. Men bu yerda juda katta tajriba to‘plashim mumkinligini va oldimda cheksiz imkoniyatlar ochilishini tushundim. Lekin qiziq tomoni shundaki, men IT-sohasiga boraman deb hech o‘ylamaganman. O‘shanda bu menga bir ushalmas orzu bo‘lib tuyulardi”.

Ko‘chish jarayoni qanday kechdi

Rahmonovning viza olishida hech qanday muammo bo‘lmagan, shu sababli ko‘chib o‘tish jarayoni oson kechdi.

Biroq barcha qiyinchiliklar keyin paydo bo‘ldi — o‘qish, uy-joy va oziq-ovqat uchun ko‘p pul kerak edi.

Shu sababli, Boburjon o‘qish bilan bir qatorda tungi vaqtda pitseriya va fransuz restoranida ishga joylashadi.

“Xorijdagi hayotning o‘ziga xos qiyinchiliklari va mashaqqatlari bor. Atrofda qarindoshlar va do‘stlar, siz ko‘nikkan yordam bo‘lmasa qiyin. Pul yetishmasligi eng qiyin sinov edi. Lekin umidsizlikka tushmaslik kerak”, deydi u.

Dasturchi JIDUda olgan bilim va tajribasi tufayli hech qachon ortga chekinmaslik, qattiq mehnat qilish va faqat oldinga intilishni o‘rganganini ta’kidladi.

Vaqt o‘tib, muammolar asta-sekin kamaya boshlaydi va u yangi mamlakatdagi hayotga mosladi.

“Centene” korporatsiyasida faoliyat

Boburjon hozirda “Centene” korporatsiyasida faoliyat olib bormoqda. Tashkilot tibbiy xizmatlar va sog‘liq sug‘urtasi bilan shug‘ullanuvchi AQShning eng yirik kompaniyalaridan biri hisoblanadi.

Dasturchining u yerdagi asosiy vazifalari provayderlar va foydalanuvchilarning ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, biznes uchun ma’lumotlarni tahlil qilish va backend’dagi ma’lumotlarni standartlashtirishdan iborat.

“Eng so‘nggi loyihalarimdan biri „Molina Healthcare“ bazasini federal „Medicaid“ dasturi bilan integratsiyalash bo‘ldi. Hozirda kompaniyaga bulutli hisoblash imkoniyatlarini olib kelish va uni qo‘llab-quvvatlash loyihasi ustida ishlayapman”, bo‘lishdi Boburjon.

U xususiy sektorda IT-mutaxassislariga talab juda yuqoriligi va bu bozor deyarli davlat tomonidan ma’muriy yoki boshqa aralashuvlarga uchramasligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat, har qanday xususiy kompaniya kabi, loyihalarni amalga oshirish uchun IT-mutaxassislarini yollaydi.

Hozirda soha mutaxassislariga uydan turib yoki ish joyining bir qismi yoki butun ofisida ishlashga ruxsat berilgan.

O‘zbekistonning IT-sohasi haqida

U so‘nggi yillarda mamlakat IT-sanoatida ro‘y bergan o‘zgarishlarni qayd etdi:

“O‘zbekistonda soha ijobiy o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda va faol rivojlanmoqda. Lekin, afsuski, xususiy sektorda talab hali ham juda past, shuning uchun u yetarlicha rivojlanmayapti”.

Ko‘pgina loyihalar davlat tomonidan moliyalashtirilgani uchun yetarli byudjetga ega emas.

O‘zbekistonlik mutaxassislar uchun bozor ochilsa, ular o‘zini yaxshi ko‘rsata olishiga, xurmat qozonishiga ishonchi komil.

Uning fikricha, O‘zbekistonda bulutli hisoblash — Azure, AWS, GoogleCloud, Snowflake va boshqalar jadallashtirish kerak.

Negaki barcha kompaniyalar ushbu texnologiyaga o‘tmoqda va unga talab juda yuqori.

Boburjon yosh dasturchilarga ko‘p o‘qib-o‘rganishni, o‘zlariga va kuchli tomonlariga ishonishni maslahat beradi.