28-oktabr kuni O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi “Wirex” kompaniyasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda “Wirex” saytida ma’lumot berilgan.
Ushbu hamkorlik orqali kompaniya O‘zbekiston hukumatini turli davlat xizmatlari uchun blokcheyn-yechimlarini joriy etishida qo‘llab-quvvatlaydi.
Bundan tashqari “Wirex” sektorni rivojlantirish uchun bir nechta loyihalarga investitsiyalar kiritishni hamda mamlakatdagi 35 mln kishini blokcheyn texnologiyasi afzalliklaridan foydalanishini taʼminlashni rejalashtirmoqda.
“Bugungi kunda biz global fintech makonining kuchi — yangi texnologiyalardan, jumladan, blokcheyndan foydalanishimiz juda muhimdir. “Wirex"da esa buni amalga oshirish uchun kerak bo‘lgan hamma narsa, jumladan, blokcheyn integratsiyasining texnik jihatlari allaqachon mavjud. Shuning uchun kompaniya bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz”, dedi To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi direktori Otabek Nazirov.
“Wirex APAC” boshqaruvchi direktori Svyatoslav Garal hamkorlikni sharhlar ekan, bu nafaqat “Wirex” va O‘zbekiston, balki butun blokcheyn uchun muhim bosqichligini qayd etdi.
“Wirex” global raqamli toʻlov platformasi va raqamli toʻlovlar uchun yangi qoidalarni oʻrnatgan tashkilotdir. U 2014-yilda Pavel Matveyev va Dmitriy Lazarichev tomonidan yaratilgan.
2015-yilda kompaniya dunyodagi birinchi kriptovalyuta bilan ishlaydigan to‘lov kartasini ishlab chiqdi, bu foydalanuvchilarga kriptovalyutalar va an’anaviy valyutalarni real hayotda muammosiz sarflash imkoniyatini beradi.
Bugungi kunda kompaniya 130 mamlakatda 5 mlndan ortiq mijozlarga ega.