28-sentabrda AQSh Mehnat vazirligi “Bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar roʻyxati-2022” yillik hisobotini eʼlon qildi, xabar beradi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, o‘zbek paxtasi majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatidan chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Bu O‘zbekistonning paxta mahsulotlarini AQShga eksport qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Mazkur qaror Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 2021-yilgi paxta hosili monitoringi davomida tizimli majburiy mehnat aniqlanmaganligini hisobga olgan holda qabul qilindi.
Bundan tashqari, amerikalik ekspertlar tomonidan 2022-yilda hukumat, nodavlat tashkilotlar hamda sanoat sohasi mas’ul vakillari bilan bir qator o‘rganishlar va intervyularni o’z ichiga olgan baholash o‘tkazilgan.
“Oʻzbekiston misolida shunday xulosaga kelish mumkinki, xalqaro manfaatdor tomonlar ko‘magida hukumat tomonidan amalga oshirilgan choralar, paxta sohasida majburiy mehnatning sezilarli darajada qisqarishiga olib keldi”, — deyiladi yillik hisobotda.
Gap nima haqida
O‘zbek paxtasi 2009-yilda bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Shu bilan birga, AQSh Mehnat departamenti monitoring va tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zbek paxtasini bolalar mehnati bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqarib tashlagan edi.
Shundan buyon, mazkur mahsulot majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatida saqlanib qolayotgandi.