Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) navbatdagi “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar” hisoboti e’lon qilindi.

Unda Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlari yuzaga kelgan geosiyosiy keskinlashuvga sezilarli chidamlilik ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Xususan, O‘zbekiston 2021-yilda 7,4%lik o‘sish sur’atiga erishgani va shunday yuqori ko‘rsatkichlarni namoyish etishda davom etayotgani qayd etilgan.

“O‘zbekiston ichki bozor sig‘imi, ishlab chiqarish tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va bozor islohotlaridagi yutuqlar tufayli iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlarini saqlab kelmoqda”, deyiladi xabarda.

Bunga shuningdek, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining keskin oshishi sabab bo‘lganligi keltirilgan.

Umuman olganda, YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishini 2022-yilda 5,5% va 2023-yilda esa 6,5% darajasida prognoz qilmoqda.

Biroq salbiy omillar ham mavjud bo‘lib, buni bank 2022-yil iyul oyida oziq-ovqat va tovarlar narxlarining oshishi fonida isteʼmol inflyatsiyasi 12,3%ga yetgani bilan izohlagan.


Avvalroq “Spot” YeTTB O‘zbekistondagi agrobiznes rivojiga 14 mln yevro kredit ajratishi haqida yozgandi.