Valyuta to‘lovlarini o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar tufayli rossiyalik tadbirkorlar MDH mamlakatlarida kompaniyalar ochishni boshladi, xabar berdi “Kommersant” nashri.

Bunga esa koʻplab Rossiya banklarining “SWIFT” tizimi bilan ishlashni toʻxtatgani va jismoniy shaxslar uchun xorijiy valyutadagi oʻtkazmalar miqdori $1 mln.gacha cheklangani sabab boʻlgan.

“Eng mashhur mamlakatlar Qozogʻiston, Armaniston, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston. Siz bu yerda biznes ochishingiz va xorijiy kontragentlar bilan xorijiy valyutada hisob-kitoblarni davom ettirishingiz mumkin”, — deya sharhlaydi “Alps & Chase” huquqshunosi Natalya Salnikova.

Uning ta’kidlashicha, ilgari MDH mamlakatlaridagi banklarda deyarli har qanday biznes uchun hisob-raqamlarni masofadan turib ochish imkoniyati mavjud edi.

Hozir Qozog‘iston, Armaniston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston hisob raqam ochishda bir qancha qat’iy rioya qilinishi kerak boʻlgan choralar joriy qilishdi.

Unga koʻra, endilikda kompaniya direktorining shaxsiy ishtiroki, biznes jarayonlarining batafsil tavsifi kerak.

“Agar tadbirkor mamlakatni o‘z biznesi uchun tranzit mamlakat deb hisoblasa, uning hududida real faoliyat yuritmasa, unga bank hisob-raqamini ochish rad etiladi” — deya qo‘shimcha qildi Salnikova.

12-sentabrdan O‘zbekistonning bir nechta banklari norezidentlar uchun hisob-raqam ochish jarayonini murakkablashtirgandi. Joriy qilingan oʻzgarishlar haqida bu yerda tanishish mumkin.


Avvalroq 12-oktabrdan boshlab “Tinkoff” faqat O‘zbekiston va yana ikki mamlakatdan dollar va yevro o‘tkazmalarini qabul qilishi haqida e’lon qildi.