Xorijda grant asosida o‘qiydigan yoshlar haqida ko‘p va xo‘p aytiladi, yoziladi, ammo kontrakt asosida o‘qiyotganlarning ham hayoti qiziq bo‘lsa kerak.

“Spot” Polshaning “Lodz” universiteti, menejment va moliya yo‘nalishi talabasi Asilbek Qandaxarov bilan suhbatlashdi. U o‘qish uchun 50% grantni qo‘lga kiritgan.

Asilbek nima uchun Polshani tanlagani, u yerdagi ta’lim, imkoniyatlar va pul topish haqida so‘zlab berdi.


Nima uchun Polsha

Polsha Yevropa mamlakatlari ichida rivojlanayotgan davlatlardan biri. Xorijda o‘qishdan oldin, har taraflama o‘ylab ko‘rish kerak. Ya’ni boradigan davlatning, tahsil oladigan universitetning plyus va minus taraflarini inobatga olish zarur.

Polshani tanlaganimga sabablar ko‘p. Eng avvalo, Yevropa ta’lim sifatining yuqoriligi bo‘lsa, ikkinchidan, shengen viza bilan Yevropa ittifoqiga kirgan davlatlarga bemalol sayohat qila olish imkoniyati borligidir.

Bundan tashqari joylashuvi bo‘yicha Germaniya kabi rivojlangan davlat bilan chegaradoshligi sabab ham qiziqqanman.

Shuningdek, Polshada dunyo reytingida 1000 talikka kirgan universitetlarda boshqa davlatlarga taqqoslaganda arzonroq kontrakt to‘lab o‘qish mumkin.

Ta’lim sifati ham yaxshi va yashash xarajatlari boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda ancha arzon. Bir so‘z bilan aytganda ana shu jihatlarini inobatga olganman.

Foto: Asilbek Qandaxarovning shaxsiy arxividan

Universitet granti va talablari

Polsha mamlakati xorijlik talabalar uchun turli xil grantlar ajratadi. Masalan, men tahsil olayotgan Lodz universitetida Markaziy Osiyo davlatlari fuqorolari uchun kontrakt summasidan 50% chegirma beriladi.

Universitetga kirish talablari unchalik qiyin emas, agar bakalavrga topshirayotgan bo‘lsa IELTSdan 6 bal olgan bo‘lishi hamda maktab yoki litseyni tamomlagan bo‘lishi kerak va attestat baholarga ham qaraladi. Magistraturaga topshirayotgan ham shunday, faqat bunda bakalavr diplomi va baholari topshiriladi.

O‘qishga suhbat orqali qabul qilishadi va muvafaqiyatli o‘tsa talaba bo‘ladi. Aynan men o‘qiydigan universitetda grant uchun alohida talablar yo‘q.

Yuqorida aytganimdek, universitet saytida chegirma beriladigan davlatlar ro‘yxati ko‘rsatilgan bo‘lib, shu davlatlardan birining fuqorosi bo‘lish kerak. Bu davlatlar qatorida tabiiyki, O‘zbekiston ham bor.

Polshada bakalavr davri 3 yil bo‘lgani uchun grant ham 3 yilga, ya’ni o‘qish tugaguncha beriladi. Hozir 50% grant bilan kontrakt shartnomam yiliga 1250 yevroni tashkil etadi va bu summa o‘qishni bitirgunga qadar o‘zgarmaydi.

Arizalar qabuli. Ariza berish odatda may oyida boshlanadi. Qabul jarayoni yiliga faqat bir marta bo‘ladi va 15-iyulgacha arizlar berish davom etadi.

Universitet saytida ham hujjatlarni topshirish mumkin. Ular ko‘rib chiqilgach suhbatga chaqirishadi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganlarga kontrakt summasini to‘lash uchun bank hisob-raqamini yuborishadi.

Polshada o‘qishning plyus va minuslari

Polsha ta’lim sifati o‘zimizdagidan tubdan farq qiladi. Bu bilan o‘zimizning universitetlarni yomon demoqchimasman, bu albatta, talabaning o‘ziga bog‘liq narsa.

Universitetimizdagi o‘qituvchilarning deyarli hammasi professorlar. Ular har tomonlama talabaga yordam berishadi, tushunmagan mavzularni dasrdan keyin ham o‘qituvchidan so‘rab, birga suhbat qilib o‘rganish mumkin.

Yana bir muhim jihati — talaba xohlagan kiyimida darsga borishi yoki xatto bormasligi ham mumkin.

Faqat yil oxirida imtihonlardan o‘ta olishiga o‘zining kuchi yetsa bo‘ldi. Imtihonlardan o‘tgan talabagina keyingi bosqichga o‘ta oladi.

Biroq darslarga bormay turib imtihonlardan o‘tish juda qiyin. Aytganimdek, talabalar o‘zlari uchun o‘qishadi bu yerda.

Umuman, Polshada o‘qishning yaxshi taraflari juda ko‘p albatta. O‘qish mobaynida sizda har xil dasturlarga qatnashish imkoniyati bo‘ladi.

Xususan “Erasmus” dasturi orqali Yevropaning boshqa biron bir davlatida 1 yoki 2 semestr o‘qib kelishingiz mumkin. Hamma xarajatlarini universitet o‘zi qoplab beradi. O‘zim ham bu dastur bo‘yicha Turkiyada o‘qib kelganman.

Foto: Asilbekning shaxsiy arxividan

Shuningdek, bu yerda turli amaliyotlarda qatnashish, sohangiz bo‘yicha o‘zingizni sinab ko‘rish imkoniyati ham mavjud. Universitet bu borada sizga yordam beradi.

Umuman olganda, bu yerda barcha sharoitlar mavjud, darslar yuqori sifatda olib boriladi.

Minuslariga kelsak, hozircha o‘zim uchun biron bir yoqmagan tarafini ko‘rmaganman. Faqat uydan olisda, ota-ona, vatan sog‘inchini qaysidir ma’noda kamchilik desam bo‘ladi.

Polshada talabalar ishlashi mumkinmi

Talabalar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida ishlashi mumkin. Odatda haftasiga 25 soat ishlashga ruxsat beriladi bu esa faqat davlat korxonalari bo‘lsa.

Agar bu muddatdan ko‘proq ishlamoqchi bo‘lsangiz xususiy korxonalarda ishlashingiz kerak.

Talabalar asosan kafe-barlarda, yetkazib berish yoki taksi xizmati kabi ishlarda ishlashadi. Bunday ishlarda oyiga bemalol $800 topsa bo‘ladi.

Xarajatlar. O‘zimdan misol qilib aytsam, yotoqxonaga oyiga $120 to‘layman, yeb-ichishga esa deyarli 150$ ketadi. Ko‘pi bilan bir oyda jami $300 xarajat qilish mumkin.

Endi o‘qishga kirganlarga 1-semester davomida faqat o‘qishga diqqat qaratishlarini so‘ragan bo‘lardim. Chunki bu yerni sistemasiga o‘zingizni moslashtirishingiz kerak hamda o‘zingizning yaxshi bilimingizni ko‘rsata olish ham juda muhim.

Darvoqe, 17 yoshdagilar ishlashi mumkin emas, Polshada 18 yoshdan ishlashga ruxsat beriladi.

Foto: Asilbek Qandaxarovning shaxsiy arxividan

Viza olish jarayoni

Talabalikka qabul qilingach Polsha elchixonasiga quyidagi hujjatlarni olib borish kerak bo‘ladi:

  • anketa;
  • fuqarolik va xorijga chiqish pasporti;
  • 6 ta 3,5×4,5 biometrik rasm;
  • tibbiy sug‘urta;
  • tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
  • ota-onaning pasaport nusxalari;
  • kafillik xati;
  • 18 yoshga kirmaganlar uchun ota-ona ishonchnomasi;
  • homiyning oylik daromadi va ishlashi to‘grisida ma’lumotnoma;
  • bank hisob raqami haqida ma’lumotnomasi;
  • kontraktni to‘laganlik haqida bank ma’lumotnomasi;
  • attestat yoki diplom tarjimasi;
  • universitet tomonidan jo‘natilgan taklifnomaning asl nusxasi;

Eng birinchi qilinadigan ish — bu viza anketasini to‘ldirish hisoblanadi. Polsha elchixonasiga borishdan oldin elchixonaning rasmiy sayti orqali anketa to‘ldirish kerak. Uni to‘ldirgach esa, qog‘oz variantda elchixonaga olib borish kerak bo‘ladi.

Ikkinchi olib boriladigan hujjat suhbat uchun elchixonaga biron kunni belgilaganlik haqidagi xat. Viza anketasini to‘ldirgan vaqtda elchixona e-maili ko‘rsatilgan bo‘ladi. Shu manzilga Polshaga nima uchun ketayotganingizni yozib, qaysi kunga elchixonaga bo‘sh joy bor, degan mazmunda xat yozasiz.

Ulardan esa kun va vaqti belgilangan javob keladi. Elchixonaga bu xatni ham chiqarib olib borish zarur.

Fuqarolik pasporti bilan xorijga chiqish pasportini rangli nusxada olib borish kerak, bunda propiskaga olingan tarafini ham unutmaslik zarur.

Rasm esa oq fonda bo‘lishi, biroq oq kiyimda bo‘lmasligi kerak. Rasmning 70−80%ini yuz qismi tashkil qilishi kerak.

Tibbiy sug‘urta kamida 30 ming yevroni qoplashi (agar undan ko‘proq bo‘lsa yanada yaxshi), Shengen zonasida amal qilishi va muddati 1 yil bo‘lishi kerak.

Sug‘urtaga qizil pasportning seriya raqamlari yozilishi kerak. Ko‘pchilik buni bilmaydi.

Yana bir muhim jihati, sug‘urtani iloji boricha Polshaga ketish vaqtiga to‘girlab olish yaxshi.

Hujjatlarni ingliz tiliga tarjimasi bilan notariusdan tasdiqlatib olib borish kerak. Masalan, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, ota-onaning kafillik xati, 18 yoshga to‘lmaganlar uchun olinadigan ishonchnoma va boshqalar.

Homiylik qilayotgan odam, masalan ota-onangiz deylik, ularning oylik daromadi haqidagi ma’lumotnomada bular ko‘rsatilishi kerak. Shuningdek ularning oylik ish haqi 3 mln so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak.

Foto: Asilbekning shaxsiy arxividan

Bu hujjat chet elga ketayotgan talabani moddiy tarafdan ehtiyojlarini o‘z bo‘ynimga olaman degan mazmunda qilinadi. Chunki xorijga borgach ko‘pchilik moddiy taraflama qiynalib qolishi mumkin. Ular ham ingliz tiliga tarjima qilinadi va tasdiqlanadi.

Bank ma’lumotnomasini taqdim etganda Polsha elchixonasi uchun hisob-raqamda kamida $6000−7000 bo‘lishi kerak.

Shuningdek, yuqorida sanab o‘tmagan muhim hujjatlardan yotoqxona bron qilinganligi to‘g‘risida hamda kontrakt to‘langanligi haqidagi xat olish kerak. Buni qabul qilingan universitetingizning o‘zi jo‘natishadi.

Elchixonaga bormasdan avval aviabilet bron qilish kerak. Chunki bu ham albatta so‘raladi. Bilet bron qilganda vaqtiga ham e’tibor berish kerak. Chunki viza chiqishiga qarab vaqt olishi mumkin.

Hamma hujjatlaringizni taxlab, elchixonaga suhbatga borganingizda konsullik to‘lovi qilasiz. To‘lov summasi qancha bo‘lishini elchixonaga qo‘ng‘iroq qilib, so‘rab borgan yaxshi. Ana shundan keyin hujjatlaringizni taqdim qilasiz va intervyuga kirasiz.

Intervyu esa juda ham qiyin emas, o‘zingiz haqingizda, nima uchun Polshani tanlaganingiz haqida bo‘ladi. Albatta, bu turdagi savollarni batafsil internetdan ham topsa bo‘ladi.