Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) “Toshkent truba zavodi” ga $15 mln.gacha bo‘lgan kredit ajratmoqda. Bu haqda bank saytida ma’lumot berilgan.

Mablag‘ bo‘ylama flyus ostida payvandlangan quvurlarni (LSAW) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va spiral usulda payvandlangan quvurlar ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi.

Bank shu tarzda O‘zbekistonning po‘lat ishlab chiqarish sektorida energiya samaradorligini oshirishga ko‘maklashmoqda.

Yuqori egiluvchanligi, payvand chokining mustahkamligi va muhrlanishi bilan LSAW quvurlari qurilish, markaziy isitish, suv ta’minoti, kanalizatsiya kabi sohalarda keng qo‘llaniladi.

“Bu, ayniqsa, yaqin yillarda iqtisodiyoti qariyb 6%ga o‘sishi kutilayotgan Markaziy Osiyo aholisi uchun muhim”, deyiladi xabarda.

Quvurlarni bo‘ylama payvandlash usuli spiral payvandlash usuliga qaraganda sezilarli darajada kamroq energiya talab qiladi, shuningdek, ularning chidamliligini oshiradi.

Loyiha, shuningdek, zavodning yillik CO2 emissiyasini 1100 tonnadan ortiq kamaytirishga qaratilgan.

Ushbu yashil moliyalashtirish bankning “Yashil iqtisodiyotga o’tish (GET)” yondashuvining bir qismi bo‘lib, YeTTB 2025-yilga kelib yillik investitsiyalarining 50%dan ortig‘ini iqlim va atrof-muhit bilan bog‘liq moliyalashtirishni rejalashtirmoqda.


Avvalroq “Spot” YeTTB O‘zbekiston agrobiznes rivojiga 14 mln yevro kredit ajratishi haqida yozgandi.