Jahon markaziy banklari ketma-ket beshinchi oy oltin zahiralarini oshirishda davom etmoqda.
Jahon Oltin Kengashining (WGC) maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan oyda dunyo markaziy banklari valyuta zaxiralari uchun 19,6 tonna oltin sotib olgan.
Bunda Turkiya asosiy xaridorga aylandi — avgust oyida mamlakat yana 8,9 tonna oltin sotib olib, zaxirasini 478,2 tonnagacha oshirdi.
O‘zbekiston avgust oyida zaxiralarini 9 tonnaga oshirish bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Hozir mamlakatning oltin zahiralari 381 tonnadan ortiq (umumiy zahiraning 59%).
Bundan tashqari, iyul oyida 11 tonnalik pasayishdan soʻng, Qozogʻiston avgust oyida oltin zaxiralarini 2 tonnaga oshirdi. Uning umumiy oltin zahirasi hozir 375 tonnani tashkil etadi, bu yil boshidagiga qaraganda deyarli 28 tonnaga kam.
Nashrning aniqlik kiritishicha, barcha aniq ma’lumotlar oshkor etilmaganligi sababli “WGC” statistikasi oʻzgarishi mumkin.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $500 mln.ga kamaygani haqida yozgandi. 1-sentabr holatiga mamlakatning umumiy oltin-valyuta zaxiralari $34 mlrd.ni tashkil etgan.