1-oktabrdan Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining raqamli onlayn platformasi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.
U orqali iste’molchilar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini 3 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilishlari mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari narxini to‘liq to‘lagan iste’molchining xarid xarajatlari qisman jamg‘arma hisobidan qoplanadi.
Marketpleysdan foydalanish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Shundan so‘ng xarid qilish uchun ariza topshirish mumkin bo‘ladi.
Platforma hozir test rejimida ishlamoqda, saytning mobil versiyasi 3 kun ichida ishga tushiriladi.
Jamg‘arma “Qishloq qurilish bank”, “Ipoteka-bank”, “Xalq banki” va “Sanoat qurilish bank” bilan energiya tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida uskunalar xarid qilish uchun yashil iste’mol kreditlari berish to‘g‘risida shartnomalar imzolagan.
Avvalroq “Spot” xorij investitsiyalari asosida mamlakatda faoliyat yuritayotgan hamda qurilishi rejalashtirilgan muqobil elektr stansiyalari haqidagi ma’lumotlarni bir joyga jamlagandi.