Tadbirkorlar mahsulotining eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-noyabridan bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5%idan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi.
Bundan tashqari, eksport tashkilotlariga foyda va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq bazasini kamaytirish shaklidagi imtiyozlar tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llaniladi.
Farmon bilan, qovun, kanakunjut, xantal va maxsar urug‘lari eksportiga ruxsat beriladi.
Shuningdek, eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi amalga oshiriladi.
Dasturga kiritilgan eksportchi korxonalarga Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishi uchun oxirgi 12 oydagi eksport hajmidan kelib chiqib quyidagi moliyaviy yordamlar ko‘rsatiladi:
- eksport hajmi $1 mln.dan $5 mln.gacha bo‘lganda — $1 mln.gacha;
- eksport hajmi $5 mln.dan $10 mln.gacha bo‘lganda — $2 mln.gacha;
- eksport hajmi $10 mln.dan $15 mln.gacha bo‘lganda — $3 mln.gacha;
- eksport hajmi $15 mln.dan $20 mln.gacha bo‘lganda — $4 mln.gacha;
- eksport hajmi $20 mln.dan ortiq bo‘lganda — $5 mln.gacha;
- bitta xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olishi uchun ularga $30 mingdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.