Avgust oyida Germaniya markaziy banki prezidenti mamlakatda sentabr oyida inflyatsiya 70 yil ichida birinchi marta 10%dan oshishi mumkinligi haqida xabar bergandi.
Germaniya statistika departamenti e’lon qilgan hisobotda sentabrda inflyatsiya 11%ga (10,9%) yaqinlashgani ma’lum qilindi.
Mutaxassislarning fikricha, Germaniya iqtisodiyoti 1951-yildan beri bunday inflyatsiyani (11,54%) boshdan kechirmagan.
“Germaniyada inflyatsiyaning qaytalanishi hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari yakunlanganidan va Yevropa ittifoqida energiya inqirozi yomonlashganidan dalolat beradi. Inflyatsiya darajasi allaqachon 11%ga yaqinlashib, 10,9%ga yetdi”, — deyiladi hisobotda.
Inflyatsiyaga energiya narxlari ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlanmoqda, shuningdek, narx sentabr oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43,9%ga oshgan.
Bundan tashqari sentabr oyida mamlakatda oziq-ovqat narxlari 18,7% ga, xizmatlar narxi — 3,6% ga, ijaraga beriladigan uy-joylar — 1,7% ga oshdi.
“Bloomberg” ta’kidlashicha, Germaniya jamoat transporti va yoqilg‘iga yozgi chegirmalarni bekor qilgani sababli inflyatsiyaning o‘sishi kutilgan edi.
Ammo uning darajasi yevrozona mamlakatlari uchun o‘rtacha prognozdan sezilarli darajada oshdi — 9,7%.
Agentlik manbalariga ko‘ra, payshanba kuni Germaniya hukumati gaz narxini pasaytirib, bu maqsad uchun kamida 150 mlrd yevro ($146 mlrd) ajratishini e’lon qildi.
Bungacha hukumat iste’molchilar va korxonalar uchun gaz narxining oshishini umumiy qiymati 100 mlrd yevroga teng yordam paketlari bilan qoplashga harakat qilgan edi.