Prezident qarori bilan internetda mualliflik huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro bitim tasdiqlandi.
Hujjat bilan, Adliya vazirligi va Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi.
Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun O‘zbekiston tomonidan zarur bo‘lgan davlat ichki tartib taomillari bajarilganligi hamda uni amalga oshirishga mas’ul vakolatli organlar to‘g‘risida depozitariyga tegishli bildirishnoma yuboradi.
Shuningdek, mazkur shartnoma kuchga kirgach Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari nazorat olib borishi belgilangan.
Avgust oyida mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalarini yagona bazada saqlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 2023-yilning 1-aprelidan boshlab mualliflik huquqi obyektlarini saqlashga qabul qiluvchi tashkilotlar (depozitariylar) tomonidan mualliflik huquqi obyektlarining elektron nazorat nusxalari yagona bazada saqlanadi.
Unda elektron nazorat nusxalari saqlanuvchi quyidagi mualliflik huquqi obyektlari keltirilgan:
- adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);
- drama va ssenariy asarlari;
- matnli yoki matnsiz musiqa asarlari;
- musiqali drama asarlari;
- xoreografiya asarlari va pantomimalar;
- audiovizual asarlar;
- rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va tasviriy san’atning boshqa asarlari;
- manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;
- arxitektura, shaharsozlik va sahna bezagi san’ati asarlari;
- fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;
- geografiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, geografiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;
- barcha turdagi elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar.
O‘tgan yili esa mualliflik huquqining amal qilish muddati uzaytirilgandi.
Xususan, mualliflik huquqi muallifning vafotidan keyin 70 yil davomida amal qiladi. Ilgari ushbu muddat 50 yil edi.