Prezidentning tegishli farmoni bilan O‘zbekistonda valyuta birjasida valyutaviy fyuchers kontraktlari bilan oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Bu haqda Markaziy bank va O‘zRVB (respublika valyuta birjasi) ishtirokidagi yangi fyuchers platformasi va mobil ilova taqdimotida ma’lum qilindi.
Fyuchers savdolari uchun platforma
Valyuta fyucherslari bo‘yicha birja savdolari “ikkiyoqlama uzluksiz” auksion (metching) usulida O‘zRVBning “Rhombus” platformasida amalga oshiriladi.
Valyuta fyuchersi kontraktini oldi-sotdi qilishdan ikkita maqsad ko‘zlangan :
- valyuta risklarini xedjirlash;
- spekulyatsiya.
Valyuta birjasida valyuta fyucherslari savdolari AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun: valyuta fyuchers kontrakti — ma’lum bir miqdordagi valyutani (bazaviy aktiv) bitim tuzilgan kundagi kelishilgan narx bo‘yicha kelajakda aniq bir kunda sotish yoki sotib olish shartnomasi.
Mobil ilova
Valyuta birjasi savdolari ishtirokchilariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida “UZCE mobile GB” mobil ilovasi ishga tushirildi.
Mazkur mobil ilovaning joriy etilishidan asosiy maqsad:
- treyderlarga O‘zRVBdan va ish joyidan tashqarida davlat qimmatli qog‘ozlarini sotish va sotib olishda masofaviy ishtirok etish imkoniyatini berish;
- davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga oid birja ma’lumotlari va yangiliklaridan xabardor bo‘lish;
- davlat qimmatli qog‘ozlari savdo jarayonlarini yanada faollashtirishdan iborat.
“Ilovada davlat qimmatli qog‘ozlari bozoridagi auksionlar parametrlari, sotish, sotib olish, bekor qilish kabi amaliyotlarni bajarish, depo hisob-varag‘i, birja kotirovkalar va yangiliklardan xabardor bo‘lish imkoni mavjud”, — dedi Markaziy bank Monetar operatsiyalar departamenti direktori o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov.
Android va iOS foydalanuvchilari mobil ilovani “Google Play” va “AppStore"dan olishlari mumkin.
Taqdim etilayotgan mobil ilova “Google” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Dart” dasturlash tilida yaratilgan.