3-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga tashrifi arafasida Budapesht shahrida o‘zbek-venger biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ishtirok etdi.

Uchrashuvda Vengriya kompaniyalari uchun O‘zbekistonda alohida sanoat zonasi ajratish, mahsulotlarga eksklyuziv imtiyozlar berish va kafolatli xarid qilish kabi aniq chora-tadbirlar qayd etildi.

Oʻtgan yilning aprel oyida Oʻzbekistonga GSP+ benefitsiar maqomi berilgani tufayli Yevropa Ittifoqi hamda MDH bozorlariga imtiyozli chiqish imkoniyatlari vengriyalik ishlab chiqaruvchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki davlat vakillari o‘rtasida qator shartnoma va memorandumlar imzolandi.

Masalan, O‘zbekiston “Procab” kompaniyasi Vengriyaning “Admetos Trading” kompaniyasi bilan kabel mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va Oʻzbekiston-Vengriya iqtisodiy sheriklik kompaniyasi taʼsischisi Peter Neumann logistika xabini tashkil etish boʻyicha memorandum imzoladi.

U orqali Oʻzbekiston tovarlari Vengriya va qoʻshni davlatlarga yetkaziladi.

Memorandumni Innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov va “Marton Genetics” kompaniyasi ijrochi direktori Andras Shandorfi ham imzoladi.

Bu orqali O‘zbekistonda urug‘chilik bo‘yicha qo‘shma korxona ochish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Yashnobod innovatsion texnoparki rezidenti “Zarbuloq Injiniring” hamda AQShning “Xylem Inc.” kompaniyalari o‘rtasida memorandum imzolandi.

Mazkur memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda nasos uskunalarini sotish, yig‘ish, o‘rnatish, ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish, avtomatlashtirish va boshqarish tizimlarini rivojlantirishdir.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan energetika, neft va kimyo sohalarini rivojlantirishi haqida yozgandi.