Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekistonga oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholini ijtimoiy himoya qilish va bandlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida $500 mln miqdorida kredit ajratishni maʼqulladi, deb xabar qildi bank matbuot xizmati.

“Markaziy Osiyo pandemiyadan xalos boʻlgach, mintaqa urushning iqtisodiy taʼsiriga duch keldi, bu esa ayniqsa aholining zaif qatlami hayotini ogʻirlashtiradi”, — dedi OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha departamenti bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Dastur barqaror narxlarda yetarli darajada oziq-ovqat ta’minotini ta’minlash bo‘yicha bug‘doy importi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona to‘lovlaridan ozod qilish kabi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, u hukumatga 2022-yil dekabrigacha 8,9 mlndan ortiq himoyaga muhtoj odamlarga ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash to‘lovlarini saqlab qolishga yordam beradi.

Shu bilan birga, OTB monitoring va baholashni qo‘llab-quvvatlash uchun texnik yordam ko‘rsatadi, bu texnik yordam uchun maxsus jamg‘armaning $400 ming miqdoridagi granti hisobidan moliyalashtiriladi.

“Ushbu dastur hukumatning inflyatsiyani fiskal intervensiya orqali oqilona chegaralarda ushlab turishga qaratilgan sa’y-harakatlariga hissa qo’shadi”, dedi OTB davlat boshqaruvi bosh iqtisodchisi Navendu Karan.


Avvalroq “Spot” Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga $2,8 mlrd ajratishi haqida yozgandi.