Buyuk Britaniyaning “Z/Yen” xalqaro tahlil markazi Xalqaro moliya markazlari global indeksi (GFCI) reytingini e’lon qildi.
Reytingga jami 119 ta shahar kiritilgan bo‘lib, shuningdek, yana 9 ta shaharga “Uyushgan xalqaro moliya markazi” maqomi berildi.
Mayami, Karachi, Kaunas kabi shaharlar qatorida Toshkent ham bor.
“GFCI” reytingi dunyo bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 128 ta xalqaro moliya markazlarining raqobatbardoshligini baholaydi.
Xalqaro moliya markazlari global indeksi (GFCI) reytingini tayyorlash doirasidagi intervyu-baholash ishlarida turli moliya markazlarining 11 mingdan ortiq vakillari qatnashgan.
Reyting baholash quyidagi yo‘nalishlar asosida amalga oshiriladi:
- moliya bozori;
- biznes-muhit;
- inson kapitali;
- infratuzilma;
- obro‘.
Reyting tuzuvchi tashkilotning moliyaviy-investitsion hamjamiyati — “Z/Yen Group” 30 ming nafar moliya sektori vakillarini, dunyoning 138 ta mamlakatlaridan 5 mingta xalqaro korporatsiyalarni o‘z ichiga oladi.
“Poytaxtning indeksga kiritilishi xalqaro investorlar va biznes vakillari tomonidan investitsion qarorlarni qabul qilishda O‘zbekistonni kapital kiritish uchun yurisdiksiya sifatida tanlashga rag‘batlantiradi”, deyiladi xabarda.
“Z/Yen Group” moliya markazlarining rivojlanish sur’ati to‘g‘risida axborot tarqatadi, shu jumladan yirik global portfel investorlari va suveren jamg‘armalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish olib boradi.