“Tesla” kompaniyasi direktori Ilon Mask “Twitter” rahbariyatiga kompaniyani sotib olishni oldindan kelishilgan shartlar asosida yakunlash taklifi bilan maktub yo‘lladi, deb yozadi “Bloomberg” nashri.

Hujjatlarga ko‘ra, Mask bitimni har bir aksiya uchun $54,2 dan yopishni taklif qilmoqda.

Bu aprel oyida erishilgan dastlabki kelishuvda paydo bo‘lgan miqdor. O‘shanda “Twitter"ning umumiy qiymati $44 mlrd.ga baholangan edi.

Iyul oyida milliarder kompaniya soxta akkauntlar bo‘yicha haqiqiy ma’lumotlarni taqdim etmaganligi sababli bitimni tugatish niyati haqida xabar qilgandi.

Bitim taraflari qarshi daʼvolar bilan chiqishdi va Delaver sudida ish koʻrish boshlanishi 17-oktabrga belgilangan edi.

“Mask bu ishda albatta yutqazishini tushundi. Shu tariqa u vaqt va sud xarajatlarini tejaydi”, — dedi “Vanderbilt” universiteti moliya kafedrasi dotsenti Josh Uayt.

Sud jarayoniga qaramay, “Twitter” aksiyadorlari 13-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishda Maskning kompaniyani sotib olish taklifini ma’qulladi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, aksiyadorlarning 98,6%i bitimni qo‘llab-quvvatlagan.


Avvalroq “Spot” Ilon Mask ilk marta “Forbes USA” reytingida birinchilikni qo‘lga kiritgani haqida yozgandi.