AQSh davlat qarzi birinchi marta $31 trlndan oshdi, bu haqda AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib “Forbes” nashri xabar berdi.

Baydenning siyosati uning prezidentligi boshlanganidan beri kamomadga qariyb $5 trln qoʻshdi, deb yozadi “The New York Times” Federal budjetga mas’ul qoʻmitaning hisob-kitoblariga tayanib.

Oq uyning aytishicha, ular Bayden ma’muriyati prognozlarida qarz va kamomad darajasidan mamnun.

“Peter Peterson” jamgʻarmasining bosh ijrochi direktori Maykl Petersonning soʻzlariga koʻra, foiz stavkalari oshishi bilan qarzning oʻsishidan qoʻrqish paydo boʻladi.

Sentabr oyida AQSh Federal zaxira tizimi (FRS) asosiy stavkani oshirib, uni yillik 3−3,25% oraligʻiga olib chiqdi.

Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 4,25−4,5%gacha oshishi kutilmoqda.

“Koʻpchilik bizning qarz stavkamizdan qisman mamnun edi, chunki stavkalar juda past darjani qayd etayotgandi”, dedi Maykl Peterson.

“Peter Peterson” jamgʻarmasi hisob-kitoblariga koʻra, yuqori stavkalar ushbu oʻn yillikda milliy qarz boʻyicha rejalashtirilgan foiz toʻlovlariga qoʻshimcha $1 trln qoʻshishi mumkin.

May oyida Kongressning Budjet byurosi $8,1 trln.lik qarz xarajatlari boʻyicha rekord darajada prognoz qilgan edi.

“Birinchi yilda biz kamomadni $350 mlrd.ga, bu yil esa deyarli $1,5 trln.ga kamaytirdik”, — dedi prezident Jo Bayden sentabr oyida Vashingtonda Demokratik Milliy qoʻmitasining tadbirida.