Jahongir Rahmonov 1994-yil Andijonda tavallud topgan. U Namangandagi 58-gimnaziyada, so‘ng sobiq Turk litseyi va Do‘stlik akademik litseyida tahsil oladi.

Oliy ta’limni esa 2012-yil Toshkent xalqaro vestminster universitetida olishga qaror qiladi. Va aynan shu oliygoh sabab o‘z sevgan ishini topadi.

Jahongir shu paytgacha “Shift Technologies”, “Newmax Technologies”, “Super Dispatch”, “Delivery Hero” kompaniyalarida ishlagan.

Hozirda Germaniyadagi “Anaconda” kompaniyasida faoliyat yuritadi. Yaqinda u “Amazon"da ishga taklif qilindi, u yerdagi faoliyatini 2023-yildan boshlaydi.


Universitet hayotimda muhim rol o‘ynagan

IT’ga kirib kelishimga aslida universitet sabab bo‘lgan. Dastlab iqtisodiyot yo‘nalishidan ketmoqchi bo‘lganman. Lekin WIUT (Westminister International University in Tashkent)da yo‘nalish faqat ikkinchi yildan boshlab tanlanadi.

Birinchi yilda esa talabalar har xil yo‘nalishlardan fanlar o‘qib, o‘zlariga qaysi biri yoqishini hal qiladilar. Men iqtisodiyotni tanlamoqchi bo‘lganim uchun birinchi kursda qo‘shimcha kurslarga borib yurdim.

Lekin darslar menga juda ham zerikarli tuyular, o‘zimni majburlab o‘qirdim. IT esa, aksincha, juda katta qiziqish uyg‘otgan — darslardan haqiqatda maroq olardim.

Shuning uchun ham ikkinchi kursda IT-yo‘nalishini tanlashga qaror qilganman.

Birinchi ishimni ham aynan WIUT orqali topgaman. Oliygohda o‘qib yurgan paytlarim “Shift Technologies” kompaniyasiga asos solgan WIUT bitiruvchisi — mening birinchi mentorim o‘qituvchimiz orqali meni ishga olgan.

Xullas, universitet menga ko‘p narsa bergan. Shu sababli o‘zbekistonlik yoshlarga OTMda o‘qishni maslahat beraman.

To‘g‘ri, inson ba’zida nimani xohlashini aniq bilsa va u diplom talab qilmasa oliygohda o‘qish shart emas. Lekin mamlakatdagi aksariyat yoshlar nimani xohlashlarini aynan shu yerda tushunib yetadi.


Foto: Jahongir Rahmonovning shaxsiy arxividan

Dasturchilar qiziquvchan bo‘lishi muhim

Mening nazdimda, dasturchilar uchun uchta muhim ko‘nikma bor. Eng muhimi bu — har xil ko‘nikmalar o‘rganishni yoqtirish. Negaki dasturchi sifatida har kuni yangi bilimlar orttirish kerak bo‘ladi.

Ikkinchisi esa boshqalar bilan yozma va og‘zaki tarzda yaxshi aloqa (communication skills) qila olish hisoblanadi. Chunki mutaxassis sifatida o‘sganingiz sari bu soha boshqalar bilan juda ham ko‘p muloqot talab qilishini tushunib borasiz.

Uchinchisi esa bu noaniq vaziyatlardan chiqib keta olish. Ba’zida ish jarayonida biror bir vazifani bajarishda noaniqliklarga duch kelishga to‘g‘ri keladi. Shunday holatlarda tushkunlikka tushmasdan to‘g‘ri yo‘lni topib keta olish juda muhim.

IT va matematika. Yoshlar “dasturchi bo‘lish uchun matematikani yaxshi bilish shartmi”, degan savolni ko‘p berishadi. Bunga javob topish uchun keling o‘rtacha dasturchi o‘zi nima ish qilishi haqida gaplashaylik.

Ko‘pchilik mutaxassislar qandaydir biznes muammoni hal qiladigan kompaniyalarda ishlaydilar. Ular JavaScript, Python kabi dasturlash tillari, ular asosida qurilgan React, Django kabi “framework"lar va Kubernetes, AWS kabi boshqa texnologiyalardan foydalanadilar.

Bu texnologiyalarni o‘rganish va ishlatish uchun esa oliy matematika — matematik formulalar, trigonometriya, logarifm va hokazolarni bilish emas, balki mantiqiy va abstrakt o‘ylash talab qilinadi.

Foto: Jahongirning shaxsiy arxividan

Matematika — bu dasturchilarga mantiqan va abstrakt fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga imkon beradigan ko‘plab sohalardan biri xolos.

Lekin dasturlashning shunaqangi sohalari borki, mazkur fanni bilmasdan yaxshi o‘zlashtirish qiyin bo‘ladi. Bularga Machine Learning, Data Science, Graphics kabilar kiradi.

Bu sohalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisoblash, chiziqli algebra, grafik va ehtimollik nazariyasi, statistika, mantiq va turli diskret matematika kabi mavzulardan bilim talab qiladigan vazifalar bilan ishlaysiz.

Dasturchilarga faqatgina kod yozish uchun pul to‘lanmaydi. Ularga muammolarni hal qilgani uchun ish haqi to‘lanadi. Agar kod yozmasdan turib muammolarni hal qila olsa nur ustiga a’lo nur.

Germaniyaga yo‘l

2019-yil Berlindagi “Delivery Hero” HR-menejeri “LinkedIn"dagi sahifamga yozib qoldi. Kerakli bosqichlardan o‘tganimdan keyin kompaniya ish uchun taklif yubordi.

Shu tarzda “Blue Card” (bu Germaniyada malakali mutaxassis sifatida ishlash niyatida bo’lgan oliy ma’lumotlilar uchun maxsus yashash uchun ruxsatnoma) olib Germaniyaga kelganimga uch yil bo‘ldi.

Bu vizani olish uchun sizda ish uchun taklif bo‘lishi va diplomingizni Germaniya tan olgan bo‘lishi kerak. WIUTning diplomi mamlakatda tan olinmaganligi sababli qo‘shimcha “Statement of Comparability” (diplomingiz Germaniyada olingan diplom bilan teng darajaga egaligini tasdiqlovchi va u yerdagi kompaniyalarda ishlash imkonini beruvchi hujjat) sertifikatini qilishga majbur bo‘lganman. Bu qiyin ish emas, shunchaki biroz vaqt olgan.

Foto: Jahongir Rahmonovning shaxsiy arxividan

2021-yil “Anaconda"kompaniyasiga o‘tdim. “Delivery Hero"dagilar qolishimni juda xohlashgandi, hatto kompaniya ikkita ishni olib borishni ham taklif qilishdi.

Lekin boshqa joyda ko‘proq o‘saman deb rad etdim. “Anaconda"dan ham xuddi shu sabab ketyapman — “Amazon” yechayotgan muammolar kattaroq siljishga olib keladi.

Xatolar va saboqlar. Men qilgan eng katta xato bu to‘xtab qolish bo‘lgan. Berlinga kelganimda yangi joyga kelganim, byurokratiya kattaligi, yashagani joy topish qiyin bo‘lgani uchun o‘sishdan to‘xtab qolganman.

“O‘zimga kelish” qiyin bo‘lgan. Natijada maqsadlarimga ikki yil o‘tgach erishyapman. Shuning uchun har doim “talaba” bo‘lib qolish muhim.

Yosh dasturchilarga ingliz tilini o‘rganishni maslahat beraman. U siz rivojlanish juda qiyin bo‘ladi, ayniqsa xalqaro darajada.

Dasturchilarning daromadi

Hozirgi vaqtda Germaniyada eng ommabop va talabgir texnologiyalar — bu Cloud (AWS, Google, Azure), MySQL, CSS, Javascript und HTML, Java, Docker, Kubernetes, Python, PHP/ C# /C++ / Ruby, DevOps, RPA, Data Science /Big Data / AI, ML hisoblanadi.

IT-mutaxassisning ish haqi darajasiga ko‘plab omillar, jumladan ixtisoslik, diplomning mavjud/yo‘qligi, shuningdek kompaniya ham ta’sir qiladi.

Masalan, IT-mutaxassislari eng ko‘p daromadni neft sanoati, bank, farmatsevtika va sug‘urta sohalarida olishlari mumkin. Ushbu sohalarning barchasida dasturchining o‘rtacha daromadi yiliga 70 ming yevroni tashkil qiladi.

Foto: dasturchining shaxsiy arxividan

Umuman olaganda, middle darajadagi dasturchilarning oyligi yiliga 60 ming yevrodan boshlanadi. Bir yil ichida 75−80 ming yevrogacha ko‘tarib olsa bo‘ladi. Senior darajadagilar esa 80−100 ming yevro atrofida olishadi.

Ochig‘ini aytsam, bu yer va umuman Yevropadagi dasturchilar AQShdagilardan kamroq maosh olishadi.

Lekin qo‘shimcha daromad topsa ham bo‘ladi. Masalan:

Aksiyalar. IT-kompaniyalar qaysidir darajaga yetgan ishchilarini hech ham qo‘yib yuborgisi kelmaydi. Shuning uchun ham ularga oylikdan tashqari qo‘shimcha motivatsiya sifatida aksiyalar ham beradi.

Masalan, “biz bilan yana to‘rt yil ishlasang har yil senga $10 mingga teng bo‘lgan aksiyalarni berib boramiz” deyishi mumkin. “Google"da 11 yil ishlagan bir dasturchi tanishimda shu aksiyalarning qiymati $1 mln.dan oshibdi.

Relocation bonus. Masalan, xodim O‘zbekistondan turib aynan ish uchun Amerika yoki Germaniyaga ko‘chib o‘tayotgan bo‘lsa, ish beruvchi shu ko‘chish xarajatlarini qoplaydi.

Referral bonus. IT-kompaniyalariga kadrlar doim zarur. Shunday kerak bo‘lgan ishchilardan birortasini topishga yordam bersangiz, kompaniya buning uchun sizga bonus beradi. Masalan, “Anaconda"da bu summa 5 ming yevroga teng.

Sign-on bonus. Kompaniyalar zo‘r ishchilarni o‘zlariga o‘tkazib olish uchun ko‘p narsaga tayyor. Bu turdagi bonus siz boshqa kompaniyani tanlamaganingiz uchun to‘lanadi. Masalan men “Anaconda"ga o‘tishim uchun 10 ming yevro taklif qilishgan.

KPI bonus. Kompaniylar odatda o‘zlariga oylik/choraklik/yillik maqsad qo‘yadi. Shu maqsadlarga qay darajada erishganiga qarab har xil miqdordagi bonuslar berishi mumkin. Masalan, “Anaconda"da yillik reja bajarilganda 10% bonus beriladi. Ya’ni, yiliga 100 ming yevro olsangiz, ushbu bonus bilan yillik maoshingiz 110 ming yevroga aylanadi.

Foto: Jahongirning shaxsiy arxividan

Amazongacha bo‘lgan yo‘l: tayyorgarlik va ishga kirishdagi bosqichlar

FAANG (“Facebook”, “Apple”, “Amazon”, “Netflix” va “Google”) kompaniyalariga kirishni anchadan beri xohlardim. Dasturchi bo‘lganimdan beri desam ham bo‘ladi.

“Amazon"ga ikki yilcha oldin ham hujjat topshirgandim, biroq u paytda oxirgi bosqichdan o‘ta olmadim. Bu safar ancha jiddiyroq tayyorgarlik ko‘rdim, aniqrog‘i olti oycha.

LeetCode” platformasida 700 ga yaqin masala yechdim va natijada software engineer bo‘lib qabul qilindim.

Kirish bosqichlari odatda quyidagicha:

  • rekruter bilan tanishish va imkoniyat haqida suhbat;
  • onlayn test. Odatda ikkita masala beriladi. Menga bitta o‘rtacha (medium) va bitta qiyin (hard) darajadagi masala tushdi. Ikkalasini ham yaxshi ishlay oldim.
  • phone screen. Ikkita bosqichdan iborat bir soatlik intervyu. Birinchi qismda masala yechiladi, ikkinchisida esa “Amazon"ning liderlik prinsiplariga asoslangan xulq-atvor (soft skills)ga oid savollar bo‘ladi. Bunday savollarga “bir hamkasbingiz bilan chiqisha olmay qolgan vaziyat haqida aytib bering. Qanday vaziyatdan chiqqansiz?” kabilar kiradi.
  • oxirgi bosqichda esa xuddi shu “phone Screen” bosqichidan to‘rtta yoki beshta bo‘ladi. Lekin texnik qismida faqatgina masala ishlamasdan “system design” (bunda ariza beruvchiga dasturiy tizimning arxitekturasini loyihalash taklif qilinadi: yangiliklar tasmasi, “Google” qidiruvi, lahzali xabar almashish tizimi va boshqalar) ham bo‘lishi mumkin. Liderlik prinsiplariga asoslangan savollar esa har doim bo‘ladi. Ularga tayyorgarlik ko‘rish shart.

O‘zbekiston IT-sohasi shiddatlik bilan rivojlanmoqda

O‘zbekiston IT-sohasidagi o‘zgarishlar quvontirmoqda. Men u yerda ishlab yurgan paytlarim yaxshi kompaniyalar ko‘p emas edi.

Hozir mamlakatga chet eldan “EPAM”, “Exadel” kabi kompaniyalar kirib kelibdi. Oyliklar ham ancha ko‘tarilgan. “FAANG"ga kirayotgan o‘zbekistonliklar ham kundan kunga ko‘paymoqda.

Ayniqsa “Amazon"ga. Yaqinda bir hamyurtimiz Amsterdamgi, yana biri esa Berlindagi “Amazon"ning ofisiga kelishdi. Ishonchim komil, bundan buyog‘iga ham ko‘payib boradi.

Kelajakdagi maqsadlar. Kelakdagi maqsadim bu ozodlikka ega bo‘lish. Xohlaymizmi yo‘qmi ko‘pchilik o‘zini to‘laqonli ozod deb ayta olmaydi.

Bu esa xohlagan vaqtda istagan ishni qila olmaslikni bildiradi. Shu narsani to‘g‘irlashni xohlayman. Buning uchun birinchi o‘rinda sog‘lik va moliyaviy mustaqillik kerak.

Moliyaviy mustaqillikka erishish uchun yaxshiroq dasturchi bo‘lishga va qachondir o‘zimning ishimni ochishga harakat qilaman.

Qachonligini aniq aytolmasam ham, O‘zbekistonga katta ehtimol bilan qaytib boraman.


Avvalroq “Spot” Irlandiyadagi “Workday” dasturchisi Muhayyo Tashpulatova bilan suhbatlashgandi.