Brendreyding asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Biolan” mahsulotiga berilgan guvohnoma haqiqiy emas deb topildi. Bu haqda Intellektual mulk departamentining matbuot xizmati xabar berdi.

Brendreyding — bu begona brendlarni egallab olish.

Xususan, Rossiyada faoliyat yurituvchi “B.K.E.” brendi Adliya vazirligi Apellyatsiya kengashiga murojaat qilib, “Biolan” tovar belgisiga berilgan guvohnoma haqiqiy emas deb topilishi lozimligini bildirgan.

Apellyatsiya kengashi tomonidan ishni ko‘rib chiqish jarayonida “Biolan” tovar belgisi “B.K.E” tomonidan 1993-yilda Rossiyada ro‘yxatdan o‘tkazilganligi aniqlangan.

Shuningdek, Rossiya kompaniyasi 30 dan ortiq davlatlar, xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belorus, Moldova kabi davlatlarda huquqiy muhofazaga olingan.

“Biolan” tovar belgisi “Q.A.” kompaniyasi tomonidan brendreyding asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Apellyatsiya kengashi tovar hamda uning tayyorlovchisi xususidagi yolg‘on yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan xulosa bilan berilgan guvohnomani haqiqiy emas deb topdi.


O‘tgan yili “SUBWAY” tovar belgisidan noqonuniy foydalangan tadbirkor jarimaga tortilgandi.