Joriy yilning 7−18 oktabr kunlari Germaniyaning “Lernidee Erlebnisreisen” turistik kompaniyasi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” bilan “Orient Silk Road Express” nomli sayyohlik charter poyezdi harakatlanadi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi"ning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, charter reys Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bo‘ylab, Olmaota-Toshkent-Qamashi-Kitob-Samarqand-Xiva-Buxoro-Xo‘jand-Toshkent yo‘nalishida harakatlanadi.
Bu ikkinchi bor tashkil etilayotgan sayyohlik yo‘lovchi reysi bo‘lib, birinchisi joriy yilning 4−17 sentabr kunlari harakatlangan.
Birinchi tashkil etilgan turistik reysda jami 63 nafar xorijiy sayyoh ishtirok etgan.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasining “Spot"ga ma’lum qilishicha ikkinchi charter reysda jami 50 nafar xorijiy sayyoh ishtirok etishi belgilangan.
Ular Fransiya, Gollandiya, Belgiya, AQSh, Germaniya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Kanada davlatlaridan tashrif buyuradi.
Shuningdek, mazkur sayyohlik poyezdini kelgusi yillarda ikki baravar oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” 34 ta elektropoyezd xarid qilishi haqida xabar berilgandi.