2021-yil oxirida Xitoyning avtomobil ishlab chiqaruvchi “Chery” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning iyul oyida “Roodell” kompaniyaning mamlakatdagi rasmiy distribyutoriga aylandi va endilikda u brendni ilgari surish bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekistonda “Chery"ning — Tiggo 8 Pro Max, Tiggo 7 Pro va Arrizo 6 Pro modellarini yig‘ish rejalashtirilgan. Xitoy kompaniyasi aynan ushbu modellarni respublikaga sinov partiyasi sifatida jo‘natgan.
Hamkorlar kelajakda elektromobillar ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yish niyatida.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Kompaniya haqida nima ma’lum
So‘nggi 19 yil davomida “Chery” yengil avtomobillar eksporti bo‘yicha Xitoyda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
O‘tgan yilning kuzida kompaniya Qozog‘iston bozoriga chiqdi va 2022-yil iyun oyida mamlakatdagi eng mashhur Xitoy brendiga aylandi.
“Olti oydan sal koʻproq vaqt ichida biz Qozogʻistonda oyiga 500 ta avtomobil sotish koʻrsatkichiga yetdik. Bu juda yaxshi natija va O‘zbekistonda ham xuddi shunday mo‘jizani yaratishga umid qilamiz”, — deydi “Chery International” kompaniyasining marketing boʻyicha direktori Xuan Chjou.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yaqin uch yil ichida butun O‘zbekiston bo‘ylab 30 ta xizmat ko‘rsatish markazi va taxminan shuncha ko‘rgazma zallarini ochishni rejalashtirmoqda.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Kompaniya mahalliy dilerlarni “Chery” brendini O‘zbekiston bozorida birgalikda ilgari surish uchun hamkorlik qilishga chaqirdi. Negaki joriy yil oxirigacha sotuvlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirmoqda.
“Chery” vakillarining ta’kidlashicha, avtomobillar narxi sotuvlar boshlanishiga yaqinroq e’lon qilinadi:
“Iste'molchilarni asosan narxlar qiziqtiradi. Biz “Roodell"dagi hamkorlar bilan har bir model uchun mahsulot strategiyasini ishlab chiqyabmiz. Mahalliy bozorni tahlil qilamiz. Bu yoʻnalishdagi ishlarni yakunlashimiz bilan yakuniy narxlar roʻyxatini eʼlon qilamiz”, — deydi “Chery"ning Oʻzbekistondagi direktori Gong Ziming.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning mahalliy bozorda “Kia”, “Hyundai”, “Chevrolet” kabi kuchli raqobatchilari bor.
“Mamlakatga sedan va SUV (sport utility vehicle)lar yetkazib beramiz. Menimcha, bu sohada bizda alohida raqobatchilar bo‘ladi. Biz bozorda mavjud o‘yinchilarning chaqirig‘ini qabul qilishga tayyormiz. Shu bilan birga, biz raqobatlashadigan aniq bir kompaniyani tanlash niyatida emasmiz. Bizning asosiy vazifamiz mijozlar va potentsial foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qondirishdir. Bu “Chery"ning asosiy tamoyilidir”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Gong Ziming, shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat sifatida ulkan salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi. “Chery” vakillarining so‘zlariga ko‘ra, avtomobil sanoati bu yerda jadal rivojlanmoqda.
“Mamlakatda sanoat rivojlanishiga hissa qo‘shishdan mamnun bo‘lamiz. „Roodell“ bilan katta rejalar tuzganmiz: biz bozorning har bir segmentini rivojlantirmoqchimiz. Yaxshiyamki, davlat avtomobil sanoatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda”, deb ta’kidladi Gong Ziming.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
“Chery"ning O‘zbekistondagi modellari
Xuan Chjouning aytishicha, sotuvlar rasmiy boshlanishidan oldin kompaniya mijozlar madaniyati va xohishlarini yaxshiroq tushunish maqsadida bir necha oy davomida potentsial iste’molchilar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazgan. Shu tarzda O‘zbekiston uchun birinchi modellar tanlandi.
U shuningdek, birinchi bosqichda mamlakatda sotiladigan Pro oilasining avtomobillari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan jahon bozoridagi eng mashhur modellari ekanligini qayt etdi.
Kompaniya potentsial iste’molchilar uchun sinov partiyasini yuborgan, hozirda Tiggo 7 Pro va Tiggo 8 Pro Max’ning sinov drayvlari o‘tkazilmoqda. Markaning ilk dilerlik markazi Bektemir tumanida ochildi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot