Toshkent sentabr oyining ikkinchi yarmidan beri rossiyaliklarning misli ko‘rilmagan oqimini qarshilamoqda.

Relokantlarning birinchi to‘lqinida 6000 ga yaqin rus va belorus mutaxassislari mamlakatga kelgan boʻlib, ularning bir qismi AQSh kompaniyalari tomonidan koʻchirilgan.

Ikkinchi to‘lqin avvalgisidan tubdan farq qiladi. Endi “aytichilar"dan tashqari — dizaynerlar, marketologlar, muhandislar, o‘qituvchi va ko‘plab boshqa mutaxassislar ham kelmoqdalar.

Kompaniyalar odamlarni qo‘shni mamlakatlarga butun ofislari bilan ko‘chirishmoqda. Masalan, “EPAM” Rossiya va Belarusdan O‘zbekistonga 1000 ga yaqin xodimlarini jo‘natdi.

Shu sababli bahor boshlaridayoq ko‘plab Toshkentdagi kovorkinglar bo‘sh joylar yo‘qligi, kutayotganlar ro‘yxati esa to‘lib-toshganini ma’lum qilgandi.

“Spot” poytaxtdagi “Ground Zero”, “C-Space”, “IMPACT.T” va “Hub Module” kovorkinglari menejmenti bilan suhbatlashib, bugungi kunda mehnat bozoridagi ahvol qandayligi, hozirgi vaziyat narx-navoga qanday ta’sir qilgani va prognozlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.


“Talab bor, taxminlar o‘zini oqladi”

Oxirgi ikki yil mobaynida ish maydoni to‘g‘risidagi tushuncha o‘zgardi va yangilandi. Buning sababi ulkan o‘zgartirishlar kiritgan pandemiya bo‘ldi: ko‘pchilik o‘zlariga qulay bo‘lgan joylar — uylarida, qahvaxona yoki ixtisoslashtirilgan ish joylari — kovorkingda turib masofadan ishlashga o‘tdi.

Toshkentda kovorkinglarning ommalashuvi IT-segmentining yuqori darajadagi taraqqiyoti bilan bog‘liq. Shaharda kichik biznes faol rivojlanmoqda, shuning uchun ixcham ofis binolariga talab katta.

Bugun biznesning xorijdan ko‘chirilishi va Rossiya fuqarolari oqimi tufayli talab taklifdan sezilarli ravishda oshib ketdi.

“Ish jarayoni o‘zgargani yo‘q, ish hajmi va sur’ati bir necha baravar tezlashdi. Rezidentlarning aksariyati — frilanserlar va IT-mutaxassislar, 50 dan 200 tagacha ish o‘rni so‘rovchi yirik kompaniyalar oqimi kuzatilmoqda. Bizda hozir uchta lokatsiyaning bari butunlay band. Biroq biz launj-zonalarda qulay ishlash uchun sharoitlar yaratishga harakat qilayapmiz”, — deb hikoya qiladi Dilmurod Xodiyev, “C-Space” CEO.

Foto: “C-Space”

"Ground Zero" asoschisi Hikmat Abdurahmonov ham Xodiyevning fikriga qo‘shildi. Uning aytishicha, shaharda ko‘plab qiziqarli odamlar va tashkilotlar paydo bo‘ldi, muhit esa jonliroq va jo‘shqinroq bo‘lib qoldi.

“Yangi rezidentlar bilan shaxsan tanishishga harakat qilaman. Ularning aksariyati Rossiyada va boshqa ko‘plab mamlakatlarda autsorsda ishlaydi. So‘nggi xaftada biz har kuni 50 ga yaqin yangi rezidentlarni kutib olamiz: kimdir bir kunga, kimlardir bir soatga, yana boshqalar esa bir yo‘la bir necha oy kovorkingga kirish huquqini qo‘lga kiritadi”, — dedi Abdurahmonov.

U “Ground Zero"ning har ikki bo‘limidagi ofislar to‘lgani, biroq “openspace” zonalari hali rezidentlarni qabul qilish imkoniyatiga ega ekanligini qayd etdi. Negaki, tashrif buyurganlarning bir qismi qisqa muddatli davrga joyni band qiladi.

“IMPACT.T"da ish o‘rinlariga bunday talabni bir necha oydan beri kutishgan va hatto unga tayyorgarlik ko‘rishga ham ulgurishgan edi.

“So‘nggi voqealarni nazarda tutganda, bizda yaqin vaqt ichida qo‘shni mamlakatlardan yangi odamlar oqimi bo‘lishi haqida prognoz bor edi. Shuning uchun ham biz jamoamiz bilan bunga avvaldan tayyorlandik, bu esa barcha holatlarda ish jarayoniga ta’sir ko‘rsatmasligiga yordam berdi”, — deydi “IMPACT.T” direktori Maftuna Axadova.

Shuningdek, talab taklifdan oshib ketishi va ish yuki barcha umidlarni oqlashi to‘g‘risida “Hub Module"da ma’murlar tashrif buyuruvchilarning so‘rovlariga ko‘ra tungi vaqtlarda ishda qolayotganlari ham dalolat beradi.

“Ish yuki hozir 100%, bir so‘z bilan aytganda, mart oyida ham shunday bo‘lgan edi. Garchi ish jadvali 09.00 dan tungi 01.00gacha bo‘lsa-da, xodimlarimiz ba’zan tungi vaqtda ham ishda qoladilar”, — deydi “Hub Module"ning boshqaruvchi menejeri Valeriya Xegay.

Foto: “Hub Module”

Uning so‘zlariga ko‘ra, joyni band qilish iltimosi bilan ertadan kechgacha ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi, ularning aksariyati ish joyisiz qolmaslik uchun joyni avvaldan band qilib qo‘yadi.

Biroq, kutish ro‘yxati shakllantirilmaydi, kim ertaroq kelsa, u ishlaydi, bronni faqat bir kun avval rasmiylashtirish mumkin.

Talab saqlanib qoladi

Agar uy-joy narxlari ko‘pchilikni dog‘da qoldirib, talab kabi keskin oshib ketgan bo‘lsa, kovorkinglarda nar-navo avvalgidek qoldi, “IMPACT.T"da esa birato‘la “welcomeday” e’lon qilishdi.

“Biz narxlarni o‘zgartirib o‘tirmadik, hammasi avvalgidek qoldi. Buning ustiga rezidentlarning moslashishlari yengilroq kechishi uchun „welcomeday“ — bir kunni bepul qildik va 10 ish o‘rni uchun oylik tarifga chegirmali narx o‘rnatdik”, — dedi Maftuna Axadova.

Vaziyat boshqa kovorkinglarda ham avvalgicha qoldi. “IMPACT.T” kabi “Hub Module” rahbariyati ham narxlarni pasaytirdi. O‘rtacha ish soati 20−30 ming so‘m atrofida, bir kecha-kunduzlik ijara 100 ming so‘mgacha boradi.

“IMPACT.T”. Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Narxlar o‘zgartirilmagan bo‘lsa-da ko‘pchilikda tushum o‘sdi. Kovorkingning rentabelligi va o‘z harajatlarini qoplash muddati bevosita ularning bandligiga bog‘liq: kichik joylar tor maqsadli auditoriya talabini qondiradi, katta maydon va formatdagi kovorkinglar esa turli sohalardagi butun boshli kompaniyalarning ish joylarini samarali tashkil etish imkoniyatlariga ega.

Biznes rentabelli bo‘lishi uchun har qanday holatda ham vaqti-vaqti bilan yangi ijarachilarni jalb etish lozim, negaki, kovorkinglar formati uzoq muddatli ijaralarni ko‘zda tutmaydi, demak, daromad harajatlardan farqli o‘laroq barqaror emas.

Valeriya Xegay oqim bilan bog‘liq hodisa vaqtinchalik va aytarlik quvonadigan narsa yo‘q deb hisoblaydi. Bundan tashqari, kovorking biznes sifatida unchalik ham daromadli va oson ish emasligini qo‘shimcha qildi.

“Toshkentda kovorkingdan foydalanish madaniyati mahalliy aholi orasida unchalik keng tarqalmagan. Ko‘pchilik hozirga qadar u nima uchun kerakligi, agar uyda ishlash mumkin bo‘lsa, nega kimgadir pul to‘lash lozimligini tushunmaydi”, — deb tushuntiradi Xegay.

Uningcha, rezidentlar miqdorining oshishi — vaqtinchalik holat. Bu qancha davom etishini hech kim bilmaydi va buni taxmin qilish ham qiyin.

Biroq Maftuna Axadova boshqacharoq hisoblaydi. Uning fikricha, ko‘plab menejerlar uchun odatiy bo‘lmagan ish joylariga talab tendensiyasi haqiqatan ham o‘sib bormoqda.

Buning ustiga kovorkinglarda ishlaydigan xodimlar ularning foydali ish koeffitsiyenti ofisdagi oddiy muhit yoki uydagi mehnat bilan taqqoslaganda oshib borayotganini ta’kidlashmoqda.

“Relokantlarning ketishi bilan talab pasayishi, chet ellik rezidentlar soni kamayishiga qaramay, mahalliy kompaniyalar o‘rtasidagi trend avvalgidek qolmaydi, balki har safar o‘sib boradi. Nima bo‘lganda ham kovorkingning kelajagi bor”, — deb hisoblaydi “IMPACT.T” direktori.

Bunday ish formati ommalashib borishi haqida Hikmat Abdurahmonov ham fikr bildirdi. Tadbirkor o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida “Ground Zero” uning uchun biznesdan ko‘ra ko‘proq xobbi, sevimli mashg‘ulot ekani to‘g‘risida yozgandi. Bugun ham uning fikri o‘zgargani yo‘q.

“Ish maydonlariga ehtiyoj va talab o‘sib boradi. To‘g‘ri, kovorkinglar daromad keltiradi, ammo biz hali ham unga xobbi sifatida munosabatdamiz, bizga qilayotgan ishimiz yoqadi”, — deydi Abdurahmonov.

Foto: “Ground Zero”

Hikmat Abdurahmonov kiritilgan mablag‘ nuqtai nazaridan qaraganda bunday biznesga pul sarflayotganda uni faqat 3−5 yillardan keyingina qaytarib olish mumkinligini yodda tutish zarur, deb hisoblaydi. Bu ham eng yaxshi holatda.

Hamfikrlar ruhi zarur

Pandemiya urush bilan almashdi va Toshkentdagi kovorkinglar oldida endi yangi chaqiriqlar turibdi. Barcha respondentlarning ta’kidlashlaricha, Rossiyadan ijarachilar katta oqimining kelishi kuzatilmoqda.

“Kuzatuvlar va relokantlar bilan suhbatlardan kelib chiqqanda, ish joylarini tanlashdagi eng muhim omil — bu hudud, joylashuv, atrofdagi infratuzilma, xizmat ko‘rsatish, va, albatta, narx”, — deydi Dilmurod Xodiyev.

Hikmat Abdurahmonov ko‘pchilikka xos bo‘lgan tanlovning asosiy jihatlaridan tashqari yana muhit va hamfikrlar ruhi mavjudligini ham qayd etadi.

Ayni paytda bozor, uning ishtirokchilar bilan to‘lgani haqida gapirarkan, kovorkinglar ko‘p emasligini ham ta’kidladi — 4−5 variant, ularning har biri bilan “Ground Zero” tanish va kovorking-markazlar operatorlari ular bilan yaxshi aloqada.

“C-Space"da kelayotgan relokantlar kovorkinglardagi faoliyatning ommalashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblashadi.

Shuning uchun yil oxirigacha yana ikkita yangi lokatsiyani ishga tushirish, bu bilan qo‘shimcha 500 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.