Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlariga yangi elektr uzatish liniyasi loyihasini amalga oshirish uchun $47,1 mln kredit ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Ajratilgan kredit evaziga Xorazmning Sarimay hamda Buxoro viloyatining Jankeldi qishloqlari o‘rtasida elektr uzatish liniyasi quriladi.
Natijada qayta tiklanadigan energiya manbalarini O‘zbekiston energetika tizimiga yanada integratsiyalash imkoni yaratiladi.
Shuningdek, bu mavjud elektr uzatish liniyalaridagi yukni muvozanatlashtirish hamda mamlakat shimoliy va janubi-g‘arbiy hududlarida elektr ta’minoti muammolarini bartaraf etishga yordam beradi.
Bank O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega davlat, balki barqaror infratuzilma yechimlariga muhtoj bo‘lgan eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyot ekanligini ta’kidlamoqda.
“Bankimiz bunday loyihalarni moliyalashtirish orqali ushbu o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor”, — dedi YeTTB birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink.
Avvalroq “Spot” YeTTB O‘zbekistonning po‘lat ishlab chiqarish sektori rivojiga $15 mln kredit ajratishi haqida yozgandi.