“FESCO” transport guruhi mintaqada logistika xizmatlarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonda sho‘ba korxonasini ochdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Shuningdek kompaniya Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistondagi mijozlarga to‘liq logistika xizmatlarini taqdim etadi.
Kompaniyaning asosiy yo‘nalishi Vladivostok tijorat dengiz portidan Toshkent va Angrengacha bo‘lgan doimiy konteyner xizmatlarini operativ qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Bundan tashqari Janubi-Sharqiy Osiyodan Xitoy orqali yangi “FESCO Trans China Railway” intermodal xizmatini amalga oshiradi.
Yangi kompaniya Yevropadan Oʻzbekistonga hamda Janubiy Osiyo mamlakatlari va Oʻzbekiston oʻrtasida Novorossiysk porti orqali temir yoʻl konteyner tashuvlarini rivojlantiradi.
2022-yilning to‘qqiz oyi davomida guruh O‘zbekistonga qariyb 8,5 ming TEU yetkazib bergan bo‘lib, 2021-yilda umumiy yuk tashish hajmi 9 ming TEUni tashkil etgan.
“O‘zbekistonda kompaniyaning filiali ochilishi respublika mijozlariga optimal muddatlarda logistika xizmatlarining to‘liq to‘plamini olish imkonini beradi hamda “FESCO"ning Markaziy Osiyodagi yetakchi transport provayderlaridan biri sifatida rivojlanishiga hissa qo‘shadi”, — dedi “FESCO” direktorlar kengashi raisi Andrey Severilov.
“FESCO Transport Group” — port, temir yo‘l va integratsiyalashgan logistika biznesi sohasidagi aktivlarga ega bo‘lgan Rossiyadagi eng yirik xususiy transport va logistika kompaniyalaridan biri.