Prezident qarori bilan kimyoviy texnologik ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari tashkil etiladi.
Unga ko‘ra, mahalliy mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash orqali yangi turdagi kimyo va gaz-kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish, sohaga mahalliy va xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
Qaror bilan quyidagi texnologik klasterlar tashkil etiladi:
- “Navoiy kimyo texnoparki”;
- “Farg‘ona kimyo texnoparki”;
- “Qoraqalpog‘iston kimyo texnoparki”.
2023-yil 1-aprelga qadar Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda “Navoiyazot” kompaniyasida texnik kompleks o‘rganish ishlari o‘tkaziladi hamda 1-avgustga qadar birlamchi bozor holatini o‘rganish yakunlanadi.
Kelasi yilning 1-sentabriga qadar esa “Navoiyazot” kompaniyasida o‘tkazilgan texnik kompleks va birlamchi bozor holatini o‘rganish natijalari asosida jamiyatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Navoiy viloyati hokimligi tomonidan 2023-yil 30-iyunga qadar toifasi o‘zgartirilayotgan sug‘oriladigan yer uchastkalari maydoniga teng miqdorda yangi yerlar o‘zlashtirilishini ta’minlash belgilangan.
Avgust oyida davlat rahbari Nukus shahridagi 10 gektar yer maydonida Sanoat texnoparki tashkil etilishi haqida ta’kidlagandi.