3−9 oktabr kunlari O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tomonidan ochiq birja savdolari orqali jami 2,5 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mahsulotlar sotuvchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan jadvallar asosida birja savdolariga qo‘yildi.

O‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra, birjaning shakar bozorida narx bo‘yicha pasayish kuzatildi.

Hafta davomida birja savdolariga 10 400 tonna shakar qo‘yildi va ularning deyarli barchasi — 10 215 tonnasi, ya’ni 98,2%i sotildi.

O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 295 xaridor ishtirok etgan.

Shakarning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 2 043 tonnani tashkil qildi.

Barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar shakarning bir tonnasi uchun 11,6 mln so‘mdan 10,6 mln so‘mgacha, ya’ni 9%ga pasaygan.

Birjaning bug‘doy bozoridagi narxlari ham pasayishni qayd etdi.

Narxlar bug‘doyning bir tonnasi uchun 3,6 mln so‘mdan 3,5 mln so‘mgacha, ya’ni 3,2% ga pasaydi.

O‘tgan haftada birja savdolari orqali 40 801 tonna bug‘doy sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 63 ta xaridor ishtirok etdi.

Shuningdek, birjaning suyultirilgan gaz bozorida narxlar pasayishi qayd etildi.

Hafta davomida birja savdolariga 2 310 tonna suyultirilgan gaz qo‘yildi va ularning barchasi sotildi.

Suyultirilgan gaz bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4,3 mln so‘mdan 3,9 mln so‘mgacha, ya’ni 8,7%ga pasaygan.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi BAA bozoriga kirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.