Adliya vazirligi kvartiralarni ijaraga berishning ayrim muhim huquqiy asoslari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ijara shartnomasi:

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Bunda shartnoma soliq organlarida davlat hisobiga qo‘yilishi kerak.

Shartnomani davlat hisobiga qo‘yish portal orqali bepul amalga oshiriladi.

Bu ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va shartnoma tuzilgan kundan 3 kundan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.

Ijaraga beruvchi shartnomani davlat soliq organlarida hisobga qo‘ymasa BHMning 5 baravaridan (1 mln 500 ming so‘mdan) 10 baravarigacha (3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Muddati:

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi.

Agar shartnomada muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u 5 yilga tuzilgan hisoblanadi.

Shuningdek, ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega.

Ijara uchun to‘lanadigan haq:

Ijara haqi miqdori ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining o‘zaro kelishuviga binoan shartnomada belgilab qo‘yiladi hamda bir tomonlama o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, ijara puli shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lanishi kerak.

Shartnomani bekor qilish:

Ijara shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.

Shartnomani ijaraga beruvchining talabi bilan bekor qilish muayyan asoslarga ko‘ra faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Bu asoslar jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • ijara puli olti oy yoki qisqa ijarada esa shartnomadagi muddatdan keyin 2 martadan ko‘proq haq to‘lanmagan bo‘lsa;
  • uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur yetkazilsa;
  • uy-joydan g‘ayriqonuniy maqsadlar uchun foydalanilgan bo‘lsa.

Ijaraga oluvchi uy-joydan boshqa maqsadda foydalansa yoki qo‘shnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsa, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirishi mumkin.

Ogohlantirish olganidan keyin ham ijaraga oluvchi qoidabuzarliklarni davom ettirsa, ijaraga beruvchi shartnomani sud tartibida bekor qilishga haqli.

Yuqoridagilarga ko‘ra, shartnoma shartlarini bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ijaraga beruvchilar tomonidan kvartiradan chiqib ketish yoki ko‘proq haq to‘lashga oid noqonuniy talablar ustidan fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlarga murojaat qilish orqali buzilgan huquqlarni tiklash mumkin.

Hujjatlarni, shu jumladan da’vo arizasini rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy yordam olish uchun adliya organlariga hamda “Madad” NNT va uning hududiy byurolariga (+99871 256 03 43) murojaat qilishingiz mumkin.