O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi (UZEX) BAA bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, vazirlikning BAAdagi vakolatxonasi tomonidan Dubay ko‘p tarmoqli tovar va xomashyo markazi (DMCC) rahbariyati hamda UZEX vakillari ishtirokida muzokaralar o‘tkazilgan.
Hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda UZEX platformasi samaradorligini oshirish maqsadida DMCC tajribasini qo‘llash muhokama qilindi.
Shuningdek, BAA bozorida UZEX savdo platformasini yaratish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Hamkorlikni amaliy davom ettirish uchun UZEX delegatsiyasining BAAga tashrifini tashkil etishga kelishildi.
Joriy yilning avgust oyida Bishkekda O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining tashqi savdo maydonchasi ochildi.
Bu orqali respublika tovar-xomashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish ko‘zlangandi.
Shuningdek, Italiyada ham O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining vakolatxonasi ochilishi belgilangan.