Rossiyada e’lon qilingan qisman safarbarlikdan keyin rossiyaliklar xorijiy mehnat bozorlarida faol tarzda ish izlashgan, deb yozadi “Forbes” nashri “HeadHunter” rekruting platformasi tadqiqotiga tayanib.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 21-sentabrdan 5-oktabrgacha Rossiya fuqaroligi bilan belgilangan faol rezyumelarning bir oy davomida eng katta (65%) o‘sishi Qozog‘istonda kuzatilgan.
Gruziyada arizalarning soni 48%ga ko‘paygan. Kuchli uchlikni O‘zbekiston yakunlab, ruslarning rezyumelari 47%dan ko‘proqni tashkil etgan.
Ko‘pincha ular qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, investitsiya va konsalting sohalarida, shuningdek, fitness va go‘zallik salonlari toifasida ish qidirishgan.
Bu mamlakatlarda boʻsh ish oʻrinlarining oʻsish dinamikasi oʻtgan oyning shu davriga nisbatan anchagina kamtarona — 10% ichida boʻldi, deyiladi xabarda.
Lekin Ozarbayjon va O‘zbekistonda istisno tariqasida ish takliflari avgust oyiga nisbatan mos ravishda 14% va 28% ga oshgan.
Deyarli hamma joyda, birinchi navbatda, IT-mutaxassislariga talab ortib bormoqda. Ammo bo‘sh ish o‘rinlari kamroq bo‘lgan sohalar ham mavjud.
Fitnes va go‘zallik salonlari, tibbiyot va farmatsevtika, xomashyo, xaridlar, moliya va buxgalteriya hisobi shular jumlasidandir.
Avvalroq “Spot” avgust oyida qaysi xodimlarga eng ko‘p ish haqi taklif etilgani haqida yozgandi.