Kiberxavfsizlik va maʼlumotlarni boshqarish sohasida IT-xizmatlarni yetkazib beruvchi BAAning “Prow” kompaniyasi Oʻzbekiston bozoriga kirish niyatida. Bu haqda “Zawya” agentligi xabar bermoqda.

Kompaniya “Gitex Global 2022” ko‘rgazmasida boshqa mamlakatlarga chiqishni rejalashtirayotganini e’lon qildi. Qayd etilishicha, kompaniya birinchi navbatda O‘zbekiston va Bahraynda faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatida.

“Vazifamiz Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va undan tashqaridagi mijozlarga kiberxavfsizlik va maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha yechimlar va xizmatlarni taqdim etish”, — dedi “Prow” boshqaruvchi hamkori Roland Hashem.

Kompaniya 12 yildan ortiq vaqt davomida raqamli ma’lumotlarni qayta ishlash va kiberxavfsizlik bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda.

Ta’kidlanishicha, kompaniya “yagona darcha” tamoyili asosida tegishli xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha yetakchi bo‘lishni maqsad qilgan.

“Prow” internet-provayderlarga, aloqa operatorlariga, shuningdek, davlat idoralari, savdo, ta’lim, moliya va fintech sohalaridagi kompaniyalarga, sanoat, mehmonxona, transport va boshqalarga B2B xizmatlarini taqdim etadi.


Avvalroq “Spot” Prezident AKT sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarorni imzolagani haqida yozgandi.