2022−2023-o‘quv yilida talabalarga 2 oylik ijara kompensatsiyasi hech qanday shartnomasiz to‘lab beriladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, kompensatsiya talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan, uzoq hududlardan kelgan birinchi kurs talabalariga sentabr va oktabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etmasdan to‘lab beriladi.

Shuningdek, ijara shartnomasini taqdim etgan talabalarga noyabr oyidan to‘lovlar belgilangan tartibda davom ettiriladi.

Bunda, talabalar ro‘yxatini shakllantirish hamda ijara kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish yuzasidan rektor (direktor) buyrug‘i rasmiylashtirilib, tegishli mablag‘lar to‘lanishi belgilandi.

Kechki va sirtqi ta’lim talabalari uchun. Amaldagi Nizomga muvofiq davlat OTMlarining faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladigan va ijara huquqi asosida yashaydigan talabalariga kompensatsiya berilishi nazarda tutilgan.

Ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalari uchun. Nechanchi bosqichda o‘qiyotgan bo‘lishidan qat’i nazar, talaba ijara kompensatsiyasini olishga haqli.

Shartnomasiz qoplab berish esa faqat 1-bosqichdagilar uchun amal qiladi.

Yuqori bosqich talabalari sentabr va oktabr oylari uchun ijara shartnomasini taqdim etgan taqdirdagina, belgilangan tartibda kompensatsiya olishadi.

Kompensatsiya miqdori oylik ijara to‘lovining 50%ni tashkil etadi, bunda:

  • ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida BHMning bir baravarigacha — 300 ming so‘m.
  • qolgan hududlarda BHMning yarim baravarigacha — 150 ming so‘m.

Kimga murojaat qilish kerak. Buning uchun talaba o‘zi ta’lim olayotgan fakultetga yoki oliy ta’lim muassasasining talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga yozma ariza bilan murojaat etishi lozim.


Uy-joyni ijaraga beruvchilar shartnomani portal orqali davlat hisobiga bepul qo‘yishi mumkin.

Bu ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va shartnoma tuzilgan kundan 3 kundan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.