Davlat soliq qo‘mitasi talabalarni ijaraga qo‘yishda shartnomalar qanday tuzilishi haqida ma’lumot berdi.

Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini 2 xil usulda hisobga qo‘yish mumkin.

Ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish sayti orqali

Bunda ijaraga beruvchi platforma orqali “Talabalar ijarasi” bo‘limini tanlab “Ijaraga oluvchi talaba to‘g‘risida ma’lumot” oynasiga ijaraga oluvchi talabaning JShShIRni kiritganda uning ma’lumotlari avtomatik shakllanadi.

Keyingi jarayonda “Qo‘shish” tugmasi orqali talaba bilan birga turgan boshqa talabalar dasturga kiritiladi.

So‘ngra “Telefon raqami” qatoriga ijaraga oluvchi talabaning telefon raqami kiritilib, “Tasdiqlash kodini yuborish” tugmasi bosiladi.

Talabaning telefoniga SMS orqali kelgan 5 xonali raqam “Tasdiqlash kodi” qatoriga yozilib “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi.

“Soliq” mobil ilovasi orqali

Ilovaning “Ijaraga berish” undan so‘ng “Talabalar uchun ijara shartnoma” bo‘limi orqali talabalar bilan tuzilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalari hisobga qo‘yiladi.

Unda ijaraga beruvchi jismoniy shaxs tomonidan talabaning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritilganda uning maʼlumotlari avtomatik shakllanadi.

Talabalar “Face ID” yoki telefon raqamiga SMS orqali keladigan 5 xonali raqamni kiritish orqali ijara shartnomasini tasdiqlashi mumkin.

Ijara shartnomalarini hisobga qo‘yishda talabalardan elektron raqamli imzo talab etilmaydi.

Talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari hisobga qo‘yilganda ushbu ma’lumotlar Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi bazasida shakllanadi.

Bu esa oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berishda oliy o‘quv yurtlariga qulaylik yaratadi.

Shuningdek, soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olingan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinmaydi.

Uy-joyni ijaraga beruvchilar shartnomani portal orqali davlat hisobiga bepul qo‘yishi mumkin.

Bu ijaraga beruvchining majburiyati hisoblanadi va shartnoma tuzilgan kundan 3 kundan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.


Avvalroq “Spot” birinchi bosqich talabalariga ikki oylik ijara kompensatsiyasi shartnomasiz to‘lab berilishi haqida yozgandi.