11-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarni obod qilish va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Spot” yig‘ilishda belgilangan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.


4 100 ta muammoga 29 trln so‘m

Joriy yilgi dasturlar doirasida 4 100 ta mahallani obod qilish, bog‘cha, maktab, sog‘liqni saqlash, suv, elektr, kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga budjetdan qariyb 29 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Buning natijasida:

  • 434 ta mahallada ichki yo‘llar ta’mirlandi;
  • 672 ta mahallaga ichimlik suvi tarmog‘i tortilgani hisobiga, 1,5 million aholi ilk bora toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi;
  • joriy yilda 2 mingdan ortiq mahallaga xizmat qiladigan 34 ta yangi maktab ishga tushirildi, 338 tasi rekonstruksiya qilinib, 360 tasi ta’mirlandi. Bularning hisobiga 78 mingta yangi o‘quvchi o‘rinlari yaratildi;
  • joylarda 580 ta transformator, 20 ming kilometr tarmoqlar yangilanib, 413 ta mahalladagi 1,5 million nafar aholining elektr ta’minoti yaxshilandi.

Aholi kayfiyati — islohotlar va siyosatning ko‘zgusi

“Aholini rozi qilish bo‘yicha hali oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi” — dedi prezident.

O‘rganishlar natijasida aholi tomonidan yo‘l, ichimlik suvi, sug‘orish tizimi, elektr, ta’lim va tibbiyot bilan bog‘liq 12 mingta masala va taklif ko‘tarilgan.

“Barcha hokim va vazirlar eshitib olsin. Prezident siyosati va talabi shunday: hech bir fuqaro o‘zining muammolari bilan yolg‘iz qolmasligi kerak. Aholi kayfiyati — islohotlarimiz va siyosatimizning ko‘zgusi”, — dedi prezident.

Shuningdek, aholi ko‘targan har bir muammoga o‘z vaqtida munosabat bildirish, ularni bosqichma-bosqich hal qilish barcha darajadagi rahbarlarning eng ustuvor vazifasi bo‘lishi shart va zarurligini ta’kidladi.


“Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalariga 1,7 trln so‘m yo‘naltiriladi

Mahallalarni obod qilish va ularga infratuzilma olib borish dasturlarini ishlab chiqishda aholi ko‘targan 12 mingta masalani ham hal qilishni o‘z ichiga oladigan yangi tizim yaratiladi.

Eng avvalo, 4 979 ta mahalladagi ichki yo‘llar, ichimlik suvi va oqova tizimi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, bog‘cha, maktab va sport obyektlari, obodonlashtirish, sug‘orish, ko‘chalarni yoritish va boshqa masalalarni hal qilish belgilangan.

Bir oy muddatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamg‘armalariga 1,7 trln so‘m yo‘naltirish topshirildi.

Ehtiyojga qarab, yil yakuniga qadar yana 1 trln so‘m ajratilishi ta’kidlandi.


G‘olib bo‘lmagan 364 ta loyihaga qo‘shimcha 335 mlrd so‘m ajratiladi

Joriy yilning ikkinchi yarmida “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida 9 201 ta mahalla ishtirok etib, 38 mingta loyihaga 8 mln aholi ovoz berdi.

Bu borada, Farg‘ona, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari aholisi faol bo‘ldi.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, 1 418 ta loyiha g‘olib deb topilib, ular uchun jami 1 trln so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.

Prezident “Tashabbusli budjet” loyihasini yanada kengaytirish va ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.

Shu bois, bir hafta muddatda har biri 2 mingdan ortiq aholi ovozini to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 364 ta loyiha uchun qo‘shimcha 335 mlrd so‘m ajratishga ko‘rsatma berildi.


“Tashabbusli budjet” loyihasiga viloyat budjetidan 30% ajratiladi

200 dan ortiq aholi qo‘llab-quvvatlagan mahalla shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinikalarni jihozlashga kelgusi yilda qo‘shimcha 200 mlrd so‘m ajratiladi. Bu orqali 195 ta loyiha doirasida 600 ta mahalla aholisi qamrab olinadi.

Shu bilan birga, kelgusi yildan viloyat budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining 30%i ham “Tashabbusli budjet” loyihalariga beriladi.

Umuman, kelgusi yildan boshlab mahallalardagi infratuzilma uchun mablag‘lar faqatgina “Tashabbusli budjet” orqali aholi ovoz bergan loyihalarga ajratilishi belgilandi.

Bunda “Tashabbusli budjet” loyihalari uchun mablag‘lar 3,5 baravarga oshirilib, 8 trln so‘mga yetkaziladi.

“Shunda adolat bo‘ladi, odamlar o‘zlari hissa qo‘shgan loyihalarni albatta asrab-avaylaydi”, — dedi prezident.

Prezident mutasaddilar e’tiborini respublika bo‘yicha 1,5 mingta mahalla aholisi birorta loyihaga ovoz bermaganiga qaratdi.

Yaqinda mahallalarda raislar saylovi bo‘lib o‘tgani, yangidan saylangan raislar odamlarga va’dalar bergani, lekin taqdim etilayotgan bu imkoniyatdan foydalanmayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

“Mudrab o‘tirgan” raislarni faollikka chaqirish, kerak bo‘lsa o‘qitish kerakligi ta’kidlandi.


“Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi

Har bir mahalla o‘zining muammosini mustaqil hal etishi uchun kelgusi yildan “Mahalla budjeti” tizimi joriy etilishi aytildi.

Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab har bir viloyatning bittadan tumanida tajriba tariqasida aholining mol-mulk va yer solig‘ini undirish mahallaning o‘ziga o‘tkaziladi. Bunda:

  • undirilgan mol-mulk va yer solig‘i mahalla budjetida qoladi;
  • har yili 1 fevralga qadar hokimlar mahalla raisi va hokim yordamchilari bilan birga mahalla budjeti hisobidan hal qilinadigan loyihalar ro‘yxatini tuman Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritadi;
  • kelgusi yil yakunida ushbu tajriba barcha hududlarda joriy qilinadi.

20-oktabrdan 1-dekabrgacha dolzarb 40 kunlik e’lon qilinadi

Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasining borishi ham ko‘rib chiqildi.

“Yashil makon” doirasida yil yakuniga qadar 75 mln dona va 2023-yil bahor oylarida yana 125 mln dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yildi.

O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20-oktabrdan 1-dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha dolzarb 40 kunlik e’lon qilinadi.

Aholi xonadonlarida va dala chetlarida ko‘proq mevali daraxtlar va sabzavot ekishni faol targ‘ib qilishi kerakligi ta’kidlandi.

“Daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozim”, — dedi Prezident.

Viloyat hokimlariga kuz mavsumida kam ta’minlangan 500 ming xonadonga 10 tupdan mevali daraxtlar ko‘chatini bepul tarqatish topshirildi.