Prezident qarori bilan nogironligi bo‘lganlarni kasb-hunarga o‘rgatuvchi “Imkoniyatlar markazi” tashkil etiladi.

Unga ko‘ra, markaz joriy yilda tajriba tariqasida Toshkent va Nukus shaharlarida hamda 2023-yildan boshlab qolgan hududlarda tashkil etiladi.

Markaz nogironligi bo‘lganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilib, ularning qiziqishidan kelib chiqqan holda kasb-hunarga o‘qitishga ko‘maklashadi.

Hujjat bilan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar:

  • ko‘rgazma yarmarkasi doimiy tarzda o‘tkaziladi;
  • hajmi va texnik parametrlari to‘g‘risidagi axborotlar 2022-yil 15-noyabrga qadar Elektron kooperatsiya portaliga joylashtiriladi;
  • 2023-yilga qadar yagona reyestri yuritilishi tashkil etiladi.

Shuningdek, 2023-yildan boshlab davlat xaridlari doirasida tegishli tashkilotlar xarid predmeti hajmining kamida 10%i miqdorida o‘z hududida Reyestrga kiritilgan korxonalar ishlab chiqargan tovarlarni sotib oladi.


Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan kompaniyalar Yagona portal orqali subsidiya olishlari mumkin.