Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti o‘tkazilmoqda.
Unda, 50 ga yaqin a’zo mamlakatlar va kuzatuvchilar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari ishtirok etmoqda.
Unda ishtirok etayotgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, davlat rahbari quyidagilarga e’tibor qaratdi:
- proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi transport yo‘laklarini yaratish;
- jahon sanoat inqilobining yangi bosqichiga o‘tishning asosi bo‘lgan bilimlar iqtisodiyotini ilgari surish;
- innovatsiyalar transferini to‘liqroq ishga solish, raqamlashtirishni rag‘batlantirish, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, Internet tizimlarini rivojlantirish.
Bundan tashqari, prezident oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida quyidagi yondashuvlarni taklif etdi:
- oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish;
- ichki mintaqaviy savdo o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish;
- Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratish.
Joriy yilning sentabr oyida SHHT Samarqand sammiti doirasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha uchta mamlakat vakillari o‘rtasida bitim imzolangandi.
Loyiha natijasida Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va Janubiy yo‘llar bilan Fors ko‘rfazi davlatlariga tashuvlarni hamda savdo geografiyasini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Hindiston transport yo‘lagi rivojlantirilishi haqida xabar berilgandi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Hindiston yangi transport yo‘lagining texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqiladi.