Ukrainadagi urush Rossiyaga qarshi keng koʻlamli sanksiyalarga, shuningdek, koʻplab xorij kompaniyalari hamda mutaxassislarning mamlakatdan chiqib ketishiga olib keldi.
21-sentabr kuni mamlakatda qisman harbiy safarbarlik e’lon qilinishi natijasida esa Rossiyani 700 mingdan ortiq fuqarosi tark etdi.
Shu oʻrinda O‘zbekiston ham Qozog‘iston, Qirg‘iziston qatorida rossiyaliklar ko‘chib borgan asosiy nuqtalardan biri bo‘ldi.
Zafar Tuxtashov,
“ESTE” advokatlik firmasining boshqaruvchi hamkori.
Agar qonunda belgilangan talablarga rioya qilinsa, uy-joyni ijaraga berish qiyin ish emas.
Birinchi navbatda, xorij fuqarolarining pasport yoki unga tenglashtirilgan hujjatlari bo‘lishi va vakolatli organlar so‘roviga binoan taqdim etilishi shart.
Boshqa davlat fuqarosiga uy-joyni ijaraga berishda o‘zbekistonliklarga qo‘llaniladigan tartib amalga oshiriladi.
Ishni xorijlikni surishtishdan boshlash kerak. Ijarachani ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tish bilan bir qatorda tashrif maqsadini aniqlash, undan o‘zi haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekistondagi ish beruvchi tasdiqlashini so‘rash tavsiya etiladi.
Shuningdek, u haqida sobiq ish joylaridan so‘rash, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tekshirish kerak. Bularning barchasi odamning ishonchli ekanligi haqida fikr beradi.
Shartnoma qanday tuziladi
Yozma ravishda shartnoma tuzish kerak. U besh yilgacha muddatga tuzilishi mumkin, agar unda amal qilish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u holda besh yilga tuzilgan deb hisoblanadi.
Hujjatga turar joy bilan birga berilgan mulkni qabul qilish va topshirish dalolatnomasini ilova qilish talab qilinadi.
Ijara shartnomasi tuzilgandan keyin uch kun ichida Davlat soliq xizmati organlarida hisobga olinishi kerak. Bu uy egasining javobgarligi hisoblanadi va bu talabni buzish jarima solinishiga olib keladi.
Shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Davlat soliq qo‘mitasining “my.soliq.uz” veb-saytidagi soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida foydalanish mumkin bo‘lgan avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratildi.
U yerga hujjatning elektron nusxasi yuklanadi va uy-joy, uning mulkdori va ijarachisi haqidagi asosiy ma’lumotlar kiritiladi.
So‘ng Soliq xizmati organlari tomonidan uy-joy mulkdoriga joriy yil uchun hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘langanligi to‘g‘risidagi bildirishnoma shakllantiriladi va yuboriladi.
Daromad solig‘i stavkasi 12% ni tashkil qiladi, lekin talabalardan olingan daromad soliqqa tortilmaydi.
Mavzuga doir: talabalar bilan ijara shartnomalari qanday tuziladi.
Ko‘chmas mulkni ijaraga berishda ijara haqining haqiqiy miqdorini ko‘rsatishi kerak. Ayrim uy egalari kamroq soliq to‘lash maqsadida kam ko‘rsatadilar (masalan, og‘zaki holda $500 ga kelishib, hujjatda atigi 500 ming so‘m yozadilar).
Avvalo, bunday harakatlar salbiy oqibatlarga olib keluvchi huquqbuzarlik hisoblanadi. Ikkinchidan, nizo yuzaga kelgan taqdirda, tomonlar faqat shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni talab qilishlari mumkin.
Vaqtincha ro‘yxatga olish
Shartnomani tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan birga, chet el fuqarosini uning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatga olishni tashkil qilish kerak.
Mazkur talabga rioya qilmaslik xorijlikning O‘zbekiston ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 225-moddasi ga binoan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Uni o‘z turar joyiga joylashtirgan va vaqtincha “propiska” qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rmagan mulkdor ham ushbu modda bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Chet el fuqarolarini vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish tuman (shahar) ichki ishlar organlari (migratsiya va fuqarolikni qayd etish bo‘limlari) tomonidan amalga oshiriladi.
Buni “emehmon.uz” orqali ham onlayn tarzda amalga oshirish mumkin. Uy-joy manzili va egasi, shuningdek chet el fuqarosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ichki ishlar organlariga taqdim etiladi.
Vaqtinchalik ro‘yxatga olish shaxsning ma’lum bir joyda vaqtincha bo‘lish faktini aniqlashni nazarda tutadi. Bu xorijlik O‘zbekistonga kelgan paytdan boshlab 3 kun ichida amalga oshirilishi kerak.
O‘z navbatida, ichki ishlar organiga murojaat qilinganidan keyin bir ish kuni ichida chet ellik fuqaroga QR-kod bilan himoyalangan ro‘yxatga olish kartasi beriladi. Hozirgi vaqtda ularni vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati odatda 6 oyni tashkil etadi (uzaytirish imkoniyati mavjud).
Qolaversa, tegishli chet el fuqarosi uyingizga ko‘chib o‘tganligi to‘g‘risida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi va profilaktika inspektoriga xabar berish mulkdorning ham, ijarachining ham manfaatlariga mos keladi.
Shartnoma qanday bekor qilinadi
Ba’zida ijara shartnomasini bekor qilish kerak bo‘ladi. Buni to‘g‘ri bajarish uchun uni muddatidan oldin bekor qilishga asoslar keltirilgan shartnoma matnini o‘rganish kerak.
Eng muammosiz usul — muddatidan oldin tugatish bo‘yicha hujjat tuzish. Agar tomonlardan biri rozi bo‘lmasa, unda norozi tomonga yozma da’vo yuborgach fuqarolik sudiga murojaat qilish kerak bo‘ladi.
Ko‘p hollarda shartnomani bekor qilinishiga ijarachining to‘lovni amalga oshirmasligi, kutilmagan vaziyatlarning yuzaga kelishi sabab bo‘ladi. Bu uy egasining uyini sotish to‘g‘risidagi qarori, ijarachining boshqa joyga ko‘chib o‘tish zarurati va hokazolar.
Qonunda sud ijara shartnomasini uy egasining iltimosiga binoan quyidagi hollarda bekor qilishi mumkinligi belgilangan:
- ijarachi tomonidan uy-joy uchun to‘lovni 6 oy davomida, qisqa muddatlida (1 yilgacha) — ikki martadan ortiq to‘lamaganlik;
- ijarachi yoki uning harakatlari uchun javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar tomonidan uy-joyga shikast yetkazilishi;
- uy-joydan turli qonunbuzarliklarni sodir etish uchun foydalanish.
Amalda, eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarlik shartnomada kelishilgan pulni to‘lamaslikdir. Shunday ekan, uy egasi oldindan to‘lov yoki ikki yoki uch oylik to‘lov miqdorida sug‘urta depozitini talab qilish orqali o‘ziniushbu xavfdan himoya qilishi mumkin.
Shu bilan birga, qonun ijarachilarni egalaridan ko‘ra ko‘proq himoya qilishini yodda tutish kerak, chunki ular zaifroq holatda hisoblanadilar.
Hujjat bir tomonlama bekor qilinmaydi. Va nihoyat, so‘nggi kunlarning dolzarb muammosiga to‘xtalib o‘tishim joiz. Ko‘pchilik mulkdorlar O‘zbekistonga kelayotgan xorij fuqarolariga uy-joy berish uchun ijaraga olingan kvartiralarni muddatidan oldin bo‘shatishni talab qilmoqda.
Agar tomonlar belgilangan tartibda ijara shartnomasini tuzgan bo‘lsa, bunday talab qonunga xilofdir. Shu bilan birga, qonun hujjatlarida yoki shartnomada nazarda tutilgan ayrim hollardan tashqari turar joy uchun to‘lov miqdorini bir tomonlama o‘zgartirishga ham yo‘l qo‘yilmaydi.