Rossiyada qisman safarbarlik boshlanganidan so‘ng, bir qator sug‘urta kompaniyalari sayohatchilar uchun sug‘urta polislarini sotishni oshirdi, deya xabar berdi “РБК” nashri.
O‘sish sur’ati eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida Oʻzbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va Turkiya bor.
Bir qator sug‘urta kompaniyalari Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilinganidan keyin rossiyaliklarning sayohat sug‘urtasi polislariga bo‘lgan talabi ortganini qayd etdi.
“21-sentabrdan 10-oktabrgacha sotuv 2021-yilning mos davriga nisbatan 41%ga va o‘tgan oyning shu davriga nisbatan 21%ga oshdi”, — dedi “Sravni” sug’urta biznesini rivojlantirish direktori Aleksandr Kraynik.
19-sentabrdan 30-sentyabrgacha “Tinkoff Insurance” sentabr boshiga nisbatan sotilgan sayohat polislari soni 95% ga oshganini qayd etdi.
Keskin oʻsish esa 3-oktabrdan boshlab bir hafta ichida toʻxtab, sotilgan polislar soni oldingi haftaga nisbatan 45% ga kamaygan.
“Oy boshiga nisbatan, 19-sentabrdan 30-sentabrgacha boʻlgan davrda Qozogʻistonga sayohatlar uchun chiqarilgan polislarga boʻlgan talab oʻrtacha 11 barobarga, Qirgʻizistonga 6 barobarga, Oʻzbekiston va Armanistonga esa 3 barobarga oshdi”, — deya qo‘shimcha qildi “Tinkoff Insurance” bosh direktori Ivan Mironenko.
Avvalroq “Spot” Rossiyadagi qisman safarbarlik qo‘shni mamlakatlardagi mehnat bozoriga qanday ta’sir qilgani haqida yozgandi.