“O‘zkimyoimpeks” hamda Polshaning “BJ Platinum” (Polsha) kompaniyalari o‘rtasida soxta shartnoma va tovarlarni jo‘natish uchun soxta hisob-fakturalari imzolangan. Bu haqda Energetika vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Bolgariya kompaniyasi “BJ Platinum"ning shartnomasi mavjud yoki mavjud emasligini bilish maqsadida “O‘zkimyoimpeks"ga murojaat qilgan.

Natijada ikki kompaniya o‘rtasida soxta shartnoma imzolangani va soxta hisob-fakturalari taqdim etilgani ma’lum bo‘lgan.

Bolgariya kompaniyasi “BJ Platinum” kompaniyasining hisob raqamiga oldindan to‘lovni amalga oshirgan. Aslida esa “O‘zkimyoimpeks” bilan “BJ Platinum” kompaniyalari shartnoma tuzmagan.

Chunki kontragentni tekshirish mobaynida shartnomani ikki yoki undan ortiq kompaniyalarga qayta sotish kabi firibgarlik operatsiyalari bilan bog‘liq holatlar aniqlangan.

“BJ Platinum” kompaniyasi esa kimyoviy mahsulot shartnomasi uchun pul to‘lamagan.

Bundan tashqari, kompaniya ayrim shaxslar o‘zini “O‘zkimyoimpeks” vakili sifatida tanishtirib, ma’lum bir to‘lov evaziga o‘z xizmatlarini taklif qilish holati kuzatilganini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, akkreditiv sifatida xizmat ko‘rsatish holatlari ham aniqlangan.

“O‘zkimyoimpeks” kompaniyasi kimyoviy mahsulotlarni shartnomada ko‘rsatilgan joriy hisob raqamiga 100% oldindan to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng yetkazib beradi", deyiladi vazirlik xabarida.

Bu kabi firibgarliklarning oldini olish maqsadida “O‘zkimyoimpeks” faqat o‘z vakillari bilan muloqot qilishga chaqirmoqda.

Kompaniya bilan havola orqali bog‘lanish mumkin.

Bundan tashqari +998909210400 telefon raqami orqali qo‘ng‘iroqlar qabul qilinadi.


Joriy yilning iyun oyida “Uzbekistan Airways”, iyul oyida esa “UzAuto Motors” fuqarolarni firibgarlik boʻyicha ogohlantirgandi.